Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Erta nikoh haqida xabar bermaganlar jarimaga tortilishi mumkin

  • 07.09.2026
  • 48 marta o'qildi

O‘zbekistonda voyaga yetmaganlarning erta nikohga kirishi, homiladorligi yoki farzand ko‘rgani haqida vakolatli organlarga xabar bermaslik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda. Ayrim hollarda jarima 6,6 mln so‘mgacha yetishi mumkin.


Bosh prokuratura Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Taklifga ko‘ra, huquqbuzarlik haqida xabar berish majburiyati yuklatilgan davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi tegishli ma’lumotni ichki ishlar organlari hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga yetkazmasa, bu ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanishi mumkin. Kodeksni yangi 188-5-modda bilan to‘ldirish rejalashtirilmoqda.

Birinchi marta bunday huquqbuzarlik sodir etilganda fuqarolar va xodimlarga 3 BHMdan 5 BHMgacha — 1 mln 320 ming so‘mdan 2 mln 200 ming so‘mgacha jarima qo‘llash taklif etilmoqda.

Mansabdor shaxslar uchun esa jazo og‘irroq bo‘lib, 5 BHMdan 10 BHMgacha, ya’ni 2 mln 200 ming so‘mdan 4 mln 400 ming so‘mgacha jarima belgilanishi mumkin.

Agar xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takroran sodir etilsa, jarima miqdori yana oshiriladi.

Bunda fuqarolar va xodimlar uchun 5–10 BHM — 2,2 mln so‘mdan 4,4 mln so‘mgacha, mansabdor shaxslar uchun esa 10–15 BHM — 4,4 mln so‘mdan 6,6 mln so‘mgacha jarima nazarda tutilmoqda.

Loyihada nazarda tutilgan huquqbuzarliklarga oid ishlarni jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar ko‘rib chiqishi taklif qilingan.

Erta nikohlarni aniqlash va ularni yashirish holatlarining oldini olish bo‘yicha mexanizmlar avvalroq Prezidentning 2026-yil 3-martdagi PF–33-son Farmonida belgilangan edi.

Unga muvofiq, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, FHDYO, ta’lim va tibbiyot muassasalari hamda diniy tashkilotlar vakillariga erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik holatlari haqida ichki ishlar organlari va “Inson” markazlariga xabar berish majburiyati yuklatilgan.

Chat