Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Prezident Administratsiyasida ayrim vazifalar qayta taqsimlandi

  • 07.09.2026
  • 51 marta o'qildi

Prezident Administratsiyasi tuzilmasini maqbullashtirish doirasida kadrlar bo‘yicha maslahatchi lavozimi va uning bo‘linmasi tugatildi. Ayrim vazifalar Komplayens xizmati hamda boshqa tarkibiy bo‘linmaga o‘tkazildi.


Prezident farmoni bilan Po‘lat Bobojonov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kadrlar bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Shu bilan birga, Prezident Administratsiyasi faoliyatini maqbullashtirish doirasida Prezidentning kadrlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimi va mazkur yo‘nalishdagi alohida bo‘linma tugatildi. Ularning ayrim vazifalari boshqa tuzilmalar o‘rtasida qayta taqsimlandi.

Davlat mukofotlari va geraldika sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish Komplayens xizmatining qo‘shimcha faoliyat yo‘nalishi etib belgilandi.

Shuningdek, mazkur xizmatga mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan yaqin hamkorlik qilish va ularning faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi ham yuklatildi.

Mahalla instituti faoliyati samaradorligini yanada oshirish esa Prezidentning vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmasining qo‘shimcha faoliyat yo‘nalishi sifatida belgilandi.

O‘zgarishlar natijasida Prezident Administratsiyasidagi bir qator vazifalar saqlab qolingan holda, ularni bajarish mas’uliyati boshqa tarkibiy tuzilmalar o‘rtasida taqsimlandi.

Ma’lumot uchun, Po‘lat Bobojonov Prezidentning kadrlar bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimida 2025-yil mart oyidan buyon ishlab kelayotgan edi. Bungacha u 2017-yildan Ichki ishlar vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.

Chat