Toshkent shahrida maktablar atrofida transport harakatini tartibga solish va o‘quvchilar xavfsizligini oshirishga qaratilgan yangi yechim sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qildi.
Dastlabki maxsus zonalar Yunusobod tumanidagi 5-sonli maktab hamda Shayxontohur tumanidagi 42-sonli maktab oldida tashkil etildi. Ularda avtomobillarni qisqa muddatga tartibli to‘xtatish uchun tegishli yo‘l belgilari va chiziqlar joriy qilingan.
Yangi zonalar ota-onalarga farzandlarini belgilangan va xavfsiz joyda avtomobildan tushirish yoki olib ketish imkonini beradi.
Bunday tartib bolalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnov qismiga tushib qolishi xavfini kamaytirish, shuningdek, maktab oldida avtomobillarni tartibsiz to‘xtatish holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Maxsus to‘xtash zonalari ayniqsa ertalabki vaqtda va darslar tugaydigan paytda maktablar atrofidagi transport oqimini tartibga solishga yordam berishi kutilmoqda.
Ayni paytda Toshkentdagi boshqa maktablar oldida ham shunday maxsus zonalarni tashkil etish ishlari davom etmoqda.