Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

10-sentabr kuni O‘zbekistonda “Avtomobilsiz kun” aksiyasi o‘tkaziladi

  • 10.09.2026
  • 33 marta o'qildi

10-sentabr kuni respublika bo‘ylab navbatdagi “Avtomobilsiz kun” aksiyasi o‘tkaziladi. Aksiya doirasida davlat fuqarolik xizmatchilari avtomobillardan foydalanmasligi belgilangan, aholi va tashkilotlar esa jamoat hamda ekologik toza transportdan foydalanishga chaqirilmoqda.


Milliy ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 10-sentabr kuni O‘zbekistonning barcha hududlarida “Avtomobilsiz kun” aksiyasi tashkil etiladi. Tashabbus atmosfera havosiga transport vositalaridan chiqadigan zararli tashlamalarni kamaytirishga qaratilgan.

Aksiya Prezidentning 2026-yil 25-martdagi atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Farmoni asosida o‘tkazilmoqda. Hujjatga muvofiq, har oyning 10 va 25-sanalarida “Avtomobilsiz kun” va “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari tashkil etiladi.

Aksiyalar davomida davlat fuqarolik xizmatchilarining avtotransport vositalaridan foydalanishi qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Ekologiya qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari xodimlari aksiya vaqtida xizmat va shaxsiy avtomobillardan voz kechib, jamoat transporti, velosiped va boshqa muqobil transport turlaridan foydalanadi.

Bunday chora nafaqat zararli tashlamalarni kamaytirish, balki shahar ko‘chalaridagi transport yuklamasini pasaytirish va ekologik toza transportdan foydalanish madaniyatini kengaytirishga ham xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.

Davlat va nodavlat tashkilotlari hamda fuqarolar aksiyada faol ishtirok etib, jamoat transporti, elektromobillar va boshqa “yashil” transport vositalaridan ko‘proq foydalanishga chaqirildi.

Chat