Uchrashuvda “Madad” NNT faoliyati, aholiga ko‘rsatilayotgan bepul birlamchi yuridik yordam natijalari hamda NNTlarni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari muhokama qilindi. Tashkilot bugungi kunda respublikaning 14 ta hududidagi 148 ta tuman va shaharda huquqiy maslahat byurolari orqali faoliyat yuritmoqda.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida “Madad” NNT tomonidan jami 303 947 nafar fuqaroga huquqiy maslahat va tushuntirishlar berilgan. Shundan 167 659 nafar fuqaro huquqiy maslahat byurolari, 38 259 nafar fuqaro Advice.uz portali, 98 029 nafar fuqaro esa 1008 va 1148 ishonch telefonlari orqali xizmatdan foydalangan. Bundan tashqari, 20 375 nafar fuqaroga protsessual va boshqa huquqiy hujjatlar loyihalari tayyorlab berilgan.
Taqdim etilgan loyihaning asosiy maqsadi NNTlarga bir martalik maslahat berish bilan cheklanmasdan, ular uchun uzoq muddatli va barqaror huquqiy qo‘llab-quvvatlash tizimini shakllantirishdan iborat. Loyiha mutaxassislarni o‘qitish, huquqiy qo‘llanmalar yaratish, raqamli xizmatlarni joriy etish, maxsus huquqiy yordam liniyasini tashkil qilish, murojaatlarni tahlil qilish va xalqaro tajriba almashinuvini qamrab oladi.
“Biz ushbu loyihani oddiy bir grant loyihasi sifatida emas, balki NNTlarga ‘bilim berish — amaliy yordam ko‘rsatish — huquqiy xatolarning oldini olish — institutsional salohiyatni kuchaytirish’ning yaxlit tizimini yaratishga qaratilgan hamkorlik sifatida ko‘ramiz”.
Loyihaning birinchi bosqichida “Madad” NNT markaziy apparati, huquqiy maslahat byurolari hamda “1008-4” liniyasi mutaxassislari uchun 5 kunlik intensiv o‘quv dasturi tashkil etish rejalashtirilgan. Unda jami 65 nafar mutaxassis — 20 nafari oflayn va 45 nafari onlayn shaklda o‘qitiladi.
Keyinchalik tayyorlangan mutaxassislar bilimlarini hududlardagi NNT vakillariga yetkazadi. 2026-yil noyabr–dekabr oylarida Farg‘ona va Namangan viloyatlarining 8 ta tuman va shahrida 300 nafar NNT xodimi uchun treninglar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida NNT rahbarlari, buxgalterlari, yuristlari va loyiha menejerlari uchun amaliy huquqiy qo‘llanma ishlab chiqilib, uni 500 nusxada chop etish nazarda tutilgan. Advice.uz portalida NNTlar uchun maxsus bo‘lim tashkil qilinib, qo‘llanmalar, videomateriallar va namunaviy hujjatlar ochiq foydalanish uchun joylashtiriladi.
Advice.uz portalida “NNT Maslahatchi” sun’iy intellekt tizimini ishga tushirish orqali NNT vakillariga huquqiy savollar bo‘yicha 24/7 rejimida tezkor axborot olish imkoniyatini yaratish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 1008 ishonch telefonida “1008-4 — NNTlar faoliyati bo‘yicha huquqiy yordam” maxsus liniyasi tashkil etiladi. Murojaatlar elektron qayd qilinib, eng ko‘p uchraydigan muammolar bo‘yicha doimiy tahlil olib boriladi.
2027-yilda loyiha respublika miqyosida kengaytirilib, 40 ta tuman va shaharda jami 1 700 nafar NNT xodimining malakasini oshirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, NNTlardan kelib tushadigan murojaatlar va huquqni qo‘llash amaliyoti asosida qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, Shveytsariyaning huquqiy institutlari va professional tashkilotlari bilan tajriba almashish rejalashtirilgan.
Loyihaning yakuniy maqsadi — alohida tadbirlarni amalga oshirish emas, balki O‘zbekistonda NNTlar uchun barqaror, ochiq, zamonaviy va uzoq muddat ishlaydigan huquqiy qo‘llab-quvvatlash ekotizimini yaratishdir.