Prezidentning 2026-yil 12-sentabrdagi PQ–326-son qarori bilan aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash tizimini isloh qilish va sohada bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish choralari belgilandi.
Yangi tartib doirasida suyultirilgan gaz ta’minoti bilan bog‘liq vazifalarni ixtisoslashtirish va moliyaviy shaffoflikni oshirish maqsadida “Hududgazta’minot” AJ ta’sischiligida “LPG-Trade” MChJ tashkil etiladi.
Islohotlarda aholiga suyultirilgan gazni barqaror va ustuvor tarzda yetkazib berish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Respublika korxonalarida ishlab chiqariladigan va import qilinadigan suyultirilgan gaz, korxonalarning o‘z shoxobchalarida sotiladigan hajmlar bundan mustasno, faqat birja savdolari orqali realizatsiya qilinadi.
Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib beruvchi korxonalar esa mahsulotni birjadan yoki import orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, aholi ehtiyojlari uchun suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimiga xususiy sektorni jalb qilish, raqobat muhitini shakllantirish va amaldagi kross-subsidiyalash tizimini bosqichma-bosqich bekor qilish nazarda tutilgan.
Islohotlar jarayonida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari davlat tomonidan moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi.
Shu tariqa, yangi tizim suyultirilgan gaz ta’minotida bozor tamoyillarini kengaytirish bilan birga, aholini gaz bilan uzluksiz ta’minlash va ehtiyojmand qatlamlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-sentabrdagi PQ–326-son “Aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash tizimini isloh qilish va bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.