O‘zbekistonda voyaga yetmagan bolalar uchun aliment hisoblash tizimini qayta ko‘rib chiqish masalasi muhokama qilinmoqda. Taklif Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnoza Kattaxanova tomonidan bildirildi.
Bunday o‘zgarish zarurati ayrim aliment to‘lovchilarning haqiqiy daromadini yashirishi yoki ataylab kam maoshli ishga rasmiylashishi natijasida bola uchun ajratiladigan mablag‘ miqdori kamayib ketishi bilan izohlanmoqda.
Taklifga ko‘ra, har bir yosh toifasi uchun minimal iste’mol to‘plami belgilanib, aliment miqdori bolaning real ehtiyojlaridan kelib chiqib hisoblanishi mumkin.
Ya’ni yangi yondashuvda asosiy mezon ota yoki onaning rasmiy ish haqi emas, balki bolani oziq-ovqat, kiyim-kechak, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa zarur ehtiyojlar bilan ta’minlash xarajatlari bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, aliment undirish bilan bog‘liq ayrim vazifalarni Majburiy ijro byurosidan xususiy sektorga o‘tkazish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.
❗️ Muhim: bu tartib hozircha faqat taklif sifatida muhokama qilinmoqda. Aliment hisoblashning amaldagi qoidalari o‘zgargani yo‘q.
Hozirgi Oila kodeksiga ko‘ra, kelishuv bo‘lmasa, sud alimentni har oylik ish haqi va boshqa daromaddan bir bola uchun — 1/4, ikki bola uchun — 1/3, uch va undan ortiq bola uchun — 1/2 miqdorida undirishi mumkin. Har bir bolaga to‘lanadigan aliment esa mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 99-moddasi — ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga to‘laydigan aliment miqdori.