Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

O‘zini o‘zi band qilganlar uchun ijtimoiy soliqni majburiy qilish taklif etilmoqda

  • 16.09.2026
  • 23 marta o'qildi

2027-yildan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun yiliga 1 BHM miqdorida ijtimoiy soliq to‘lashni majburiy qilish taklif qilinmoqda. To‘lovni yil davomida bo‘lib-bo‘lib amalga oshirish imkoniyati ham nazarda tutilgan.

O‘zbekistonda pensiya ta’minoti tizimini isloh qilishga oid Prezident farmoni loyihasida o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun ijtimoiy soliq to‘lash tartibini o‘zgartirish taklif etildi. Loyiha 2026-yil 30-sentabrga qadar jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.

Taklifga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar pensiya ta’minoti va davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimidan foydalanishi uchun yiliga 1 BHM — hozirgi hisobda 440 ming so‘m ijtimoiy soliq to‘lashi shart bo‘ladi. Bu mablag‘ni bir yo‘la emas, yil davomida oyiga 36,6 ming so‘mdan to‘lab borish imkoniyati berilishi rejalashtirilgan.

Hozirgi tartibda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun ijtimoiy soliq to‘lash ixtiyoriy. To‘langan ijtimoiy soliq mehnat stajini shakllantirishda hisobga olinadi.

Loyiha bilan o‘zini o‘zi band qilganlar to‘laydigan ijtimoiy soliqning 10 foizini Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga yo‘naltirish taklif qilinmoqda. Shu hisobdan belgilangan tartibda homiladorlik va tug‘ish hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari to‘lanishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 2027-yildan mehnat stajiga qo‘shib hisoblanadigan, ammo ijtimoiy soliq yoki Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lanmagan davrlar bilan bog‘liq xarajatlarni davlat budjeti hisobidan qoplash taklif qilingan. Pensiyalarni eng kam miqdorga yetkazish, ustama va qo‘shimcha to‘lovlarni ham budjetdan moliyalashtirish rejalashtirilmoqda.

Loyihada pensiya oldi yoshidagi xodimlar uchun qo‘shimcha kafolatlar ham bor. 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklarga o‘rtacha ish haqi saqlangan holda qisqartirilgan ish vaqti belgilash taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlashda mazkur yosh toifasidagi fuqarolarning rasmiy daromadi mavjudligi hisobga olinmasligi taklif qilingan.

2030-yil 1-yanvardan korxona va tashkilotlar uchun 12 foizlik ijtimoiy soliq bo‘yicha amaldagi imtiyozlarni bekor qilish va yangi imtiyozlar joriy etmaslik ham taklif etilmoqda.

❗️ Muhim: mazkur qoidalar hali qabul qilinmagan. Ular Prezident farmoni loyihasidagi takliflar bo‘lib, amaldagi tartib hozircha o‘zgarmagan.

Huquqiy asoslar

Pensiya ta’minoti tizimini isloh qilishga oid O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasi. Loyiha jamoatchilik muhokamasi portaliga joylashtirilgan.

Chat