Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Tibbiy ta’lim tizimi tubdan yangilanadi: 6 yillik “Umumiy tibbiyot” va rezidentura joriy etiladi

  • 16.09.2026
  • 27 marta o'qildi

O‘zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika kadrlarini tayyorlash tizimi qayta tashkil etiladi. 2027/2028-o‘quv yilidan 6 yillik “Umumiy tibbiyot” dasturi yo‘lga qo‘yiladi, tor soha shifokorlari esa asosan rezidentura orqali tayyorlanadi.


Prezidentning 2026-yil 10-sentabrdagi PF–191-son Farmoni bilan tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha yangi tartiblar belgilandi.

2027/2028-o‘quv yilidan “Davolash ishi” yo‘nalishi negizida “5+1” modelidagi 6 yillik “Umumiy tibbiyot” bakalavriati joriy etiladi.

Talabalar besh yil davomida nazariy va amaliy tayyorgarlikdan o‘tib, bitiruvchi kursda bir yil to‘liq amaliyot bilan shug‘ullanadi. Tibbiyot sohasidagi boshqa bakalavriat yo‘nalishlarining bitiruvchi kurslarida ham butun o‘quv yilini amaliyotga yo‘naltirish tizimi joriy qilinadi.

“Umumiy tibbiyot” bitiruvchilari “umumiy amaliyot shifokori” kvalifikatsiyasini oladi va oilaviy shifokor lavozimida ishlashi mumkin.

Tor soha mutaxassislarini tayyorlashda esa rezidentura asosiy tizimga aylanadi. 2026/2027-o‘quv yilidan oilaviy tibbiyot rezidenturasi yo‘lga qo‘yiladi, 2027/2028-o‘quv yilidan klinik ordinaturaga qabul to‘xtatiladi va tor soha shifokorlari to‘liq rezidentura orqali tayyorlanadi.

Davlat rezidenturasiga grant asosida qabul qilinganlarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,15 baravari miqdorida stipendiya to‘lanadi. Rezidentura bitiruvchilariga Milliy malakalar ramkasining 7-darajasiga mos diplom beriladi.

Shuningdek, 2027/2028-o‘quv yilidan tibbiyotda tor soha mutaxassislarini magistratura orqali tayyorlash amaliyoti bekor qilinadi. Magistratura ilmiy-pedagogik va boshqaruv kadrlarini tayyorlashga yo‘naltiriladi.

Tibbiy ta’limda sifat mezonlari ham kuchaytiriladi. Bakalavriatga kirish uchun minimal ko‘rsatkich maksimal ballning 60 foizi, ta’lim jarayonida minimal o‘tish ko‘rsatkichlari esa shifokorlik yo‘nalishlari uchun 70 foiz, o‘rta tibbiyot xodimlari uchun 60 foiz etib belgilanadi.

2027/2028-o‘quv yilidan “Tibbiy hamrohlik ishi” va “Oliy tibbiy hamrohlik ishi” yo‘nalishlari ham joriy etiladi. Bitiruvchi ayollarga “hamshira”, erkaklarga “tibbiyot og‘asi” kvalifikatsiyasi beriladi. Mazkur bakalavriatga davlat buyurtmasi 2030/2031-o‘quv yiliga qadar har yili kamida 20 foizga oshiriladi.

Yangi model tibbiy ta’limni nazariy bilimdan amaliy ko‘nikma va real klinik tajribaga yo‘naltirishni ko‘zda tutadi.

Huquqiy asoslar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF–191-son “Tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni.

Chat