2026-yil 1-oktabrdan elektrotexnika sanoati korxonalarining aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun tijorat banklari orqali yillik 6 foizli kreditlar ajratiladi. Ushbu stavkaga 2 foizlik bank marjasi ham kiritilgan.
«Savdoni rivojlantirish kompaniyasi» AJ mablag‘lari hisobidan beriladigan kredit miqdori bitta tadbirkor uchun 5 million AQSh dollaridan oshmaydi. Muddati — 2 yilgacha, imtiyozli davri — 3 oy.
Kreditning 50 foiziga, biroq 20 milliard so‘m ekvivalentidan oshmagan qismiga «Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi» AJ kafilligi taqdim etiladi. Qolgan qismi uchun korxona likvidli mol-mulk, sug‘urta polisi, eksport shartnomasidan kelgusidagi tushumlarga talab huquqi va/yoki boshqa ta’minot taqdim etadi.
Mis xaridi uchun to‘lovni kechiktirish imkoniyati
Birja orqali mis xomashyosi sotib olinganda, qiymatning 25 foizini korxona, qolgan 75 foizini «O‘zsanoateksport» AJ 3 kun ichida to‘laydi.
Qolgan 75 foiz mablag‘ korxona tomonidan 90 kun ichida qaytariladi. Kechiktirilgan har bir kun uchun yillik 6 foiz stavka asosida foiz hisoblanadi.
Bitta tadbirkorning «O‘zsanoateksport» AJ oldidagi qarzdorligi 3 million AQSh dollaridan oshmasligi kerak. Majburiyatni ta’minlash uchun sug‘urta polisi taqdim etiladi.
Mazkur mexanizm uchun «Savdoni rivojlantirish kompaniyasi» AJ tomonidan «O‘zsanoateksport» AJga 40 million AQSh dollari ajratiladi. Mablag‘lar PQ–304-son qarorning 6-bandi bo‘yicha avval ajratilgan mablag‘larning o‘zlashtirilmagan qismidan yo‘naltiriladi.
Investitsiya kreditlari foizining bir qismi qoplanadi
2026–2028-yillardagi investitsiya loyihalari uchun ajratiladigan kreditlarning 20 milliard so‘m ekvivalentigacha bo‘lgan qismi bo‘yicha foiz xarajatlari kompensatsiya qilinadi. Bunda kreditning umumiy miqdori, tadbirkorning barqarorlik reytingi va hudud toifasi cheklov bo‘lmaydi.
Kompensatsiya «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ tomonidan tegishli jamg‘arma hisobidan quyidagicha beriladi:
Kompensatsiya «2+1» tamoyilida beriladi: dastlab ikki yil to‘lanadi. Uchinchi yil davom ettirilishi uchun mahsulot yoki xizmatlarni sotishdan yillik tushum avvalgi yilning mos davriga nisbatan kamida 15 foizga oshishi shart.
Yirik investorlarga qanday shartlar belgilangan?
Elektrotexnika, elektronika va robototexnika sohalarida so‘nggi uch yilda «Forbes Global 2000» reytingi va xalqaro yetkazib berish zanjirlariga kirgan, kamida 50 million AQSh dollari investitsiya kiritadigan tayanch investorlar uchun alohida imkoniyatlar nazarda tutilgan.
Investitsiya shartnomasida uch yilda qo‘shilgan qiymatni 40 foizdan oshirish, yillik foydaning kamida 3 foizini ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga yo‘naltirish majburiyatlari belgilanadi.
Bunday investorlarga maxsus iqtisodiy zonalarda elektr, gaz, suv, tozalash inshootlari va temir yo‘l kommunikatsiyalari bilan ta’minlangan binolar tayyor holda ajratiladi. Ularga yer, mol-mulk va foyda solig‘idan 10 yilga ozod etish imtiyozi beriladi.
Huquqiy asos: Prezidentning 2026-yil 12-sentabrdagi PQ–325-son «Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori.