Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Uy-joy narxlari o‘rganildi: Shayxontohurda 1 kv. metr 25,3 mln, Quvasoyda 4,5 mln so‘m

  • 18.09.2026
  • 74 marta o'qildi

O‘zbekistonning 12 ta aglomeratsiyasidagi 35 ta shahar va tumanda ko‘chmas mulkning o‘rtacha bozor narxlari tahlil qilindi. O‘rganilgan hududlar orasida ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar narxi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkentning Shayxontohur tumanida, eng pasti esa Quvasoyda qayd etilgan.


Barqaror urbanizatsiya va uy-joy bozori milliy qo‘mitasi 2026-yil 1-sentabr holatiga ko‘chmas mulkning o‘rtacha bozor narxlarini e’lon qildi. Tahlil ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar, yakka tartibdagi uy-joylar va noturar obyektlarni qamrab olgan.

Toshkent shahrida xonadonlarning eng yuqori o‘rtacha narxi Shayxontohur tumanida — 1 kv. metr uchun 25,3 mln so‘m bo‘lgan. Keyingi o‘rinlarda Mirobod — 23,2 mln, Yakkasaroy — 20,5 mln, Mirzo Ulug‘bek — 19,6 mln so‘m.

Poytaxtda nisbatan arzon hududlar Bektemir va Sergeli bo‘lib, ularda 1 kv. metr o‘rtacha 11,5 mln so‘mni tashkil etgan. Eng past ko‘rsatkich Yangihayot tumanida — 11 mln so‘m.

Yakka tartibdagi uy-joylar bo‘yicha Toshkentda eng yuqori ko‘rsatkich Mirzo Ulug‘bek tumanida — bir sotix uchun 1,72 mlrd so‘m, eng pasti Bektemirda — 394 mln so‘m.

Hududlarda Samarqand ham yuqori narxlari bilan ajralib turgan: xonadonlarning 1 kv. metri o‘rtacha 11,8 mln so‘m, xususiy uy-joylarda bir sotix 472,1 mln so‘mga baholangan. Buxoroda xonadonlar — 8,4 mln, Chirchiqda — 9 mln, Nukusda esa 5,6 mln so‘m/kv. metr atrofida bo‘lgan.

O‘rganilgan hududlar ichida kvartiralarning eng past o‘rtacha narxi Quvasoyda — 4,5 mln so‘m/kv. metr qayd etilgan. Eng qimmat va eng arzon hudud o‘rtasidagi farq qariyb 6 baravarni tashkil etgan.

Muhim: ko‘rsatkichlar elektron savdo maydonchalarida e’lon qilingan taklif narxlari monitoringi asosida shakllantirilgan. Ular har bir real oldi-sotdi bitimining yakuniy narxini anglatmaydi.

Chat