Hukumatning 2026-yil 17-sentabrdagi 501-son qarori bilan 2026/2027-o‘quv yilidan pedagoglarning davlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan farzandlari uchun bazaviy to‘lov-kontrakt summasiga 30 foiz chegirma joriy etildi.
Imtiyoz davlat OTMlarining bakalavriat bosqichida kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan pedagoglar farzandlariga tatbiq etiladi.
Pedagogning bir nechta farzandi davlat OTMida kontrakt asosida tahsil olsa, chegirma har bir farzandga alohida beriladi.
Ariza kontrakt.edu.uz tizimi orqali yuboriladi va pedagog farzandi ekanligi elektron tarzda tasdiqlangach, chegirma avtomatik qo‘llaniladi. Ariza 2 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
30 foizlik chegirma har bir o‘quv yili uchun bir marta qo‘llaniladi.
Shuningdek, 2026-yil 12-sentabrdan ta’lim jarayonida voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlik, kamsitish va xo‘rlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun yangi javobgarlik normalari kuchga kirdi.
Bolaga jismoniy zo‘ravonlik qilish, uni kamsitish yoki xo‘rlash tarzida tahqirlash uchun 1 BHMdan 5 BHMgacha jarima belgilanishi mumkin.
Amaldagi BHM bo‘yicha bu 440 ming so‘mdan 2,2 mln so‘mgachani tashkil etadi.
Qonunda oddiy “baqirish” alohida huquqbuzarlik sifatida belgilanmagan. Huquqiy baho harakatning kamsitish, xo‘rlash yoki ruhiy zo‘ravonlik xususiyatiga ega ekaniga qarab beriladi.
Bunday huquqbuzarlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxsga ayrim ta’lim tashkilotlarida 1 yil davomida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishga yo‘l qo‘yilmasligi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 17-sentabrdagi 501-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ–1174-son Qonuni.