Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali ota-onalar endi farzandining maktabdagi o‘qish natijalarini onlayn kuzatishi mumkin.
Yangi imkoniyat orqali har bir fan bo‘yicha joriy baholar va o‘rtacha ko‘rsatkichlar, shuningdek, sinfdagi baholar statistikasi bilan tanishish mumkin.
Bundan tashqari, farzand tahsil olayotgan ta’lim muassasasi haqidagi ma’lumotlar ham ko‘rsatiladi. Jumladan, maktab nomi va manzili, o‘quvchilar va o‘qituvchilar soni hamda boshqa ma’lumotlarni ko‘rish imkoniyati mavjud.
Xizmatdan foydalanish uchun my.gov.uz’dagi shaxsiy kabinetga kirib, “Oilam” bo‘limida farzand ma’lumotlari yonidagi “Maktab haqida ma’lumot” tugmasini tanlash kerak.
Kelgusida portal orqali o‘quvchining darslarga davomatini ham real vaqt rejimida kuzatish imkoniyatini joriy etish rejalashtirilgan.