Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Chorrahaga yaqin ayrim yo‘l chiziqlarini bosganlik uchun YPX bayonnoma tuzmaydi

  • 02.11.2026
  • 62 marta o'qildi

2026-yil 1-noyabrdan YPX inspektorlari chorrahalar va qayrilib olish joylari yaqinida 1.1 va 1.3 yo‘l chiziqlarini bosib harakatlanganlik uchun ayrim holatlarda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmaydi. Yangi tartib barcha yo‘l chiziqlariga taalluqli emas.

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-oktabrdagi 596-son qarori bilan yo‘l harakati qoidalarini qayd etish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Qaror 30-oktabrdan kuchga kirgan, yo‘l chiziqlariga oid mazkur norma esa 1-noyabrdan amal qila boshladi.

Qaysi holatda bayonnoma tuzilmaydi?

YPX inspektorlari quyidagi holatlarda 1.1 — bir yaxlit va 1.3 — ikki yaxlit yo‘l chiziqlarini bosib harakatlanganlik uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmaydi:

  • chorrahagacha bo‘lgan 50 metr masofada;

  • qayrilib olish joyigacha bo‘lgan 20 metr masofada.

Muhim: bu o‘zgarish yaxlit chiziqlarni istalgan joyda bosib yoki kesib o‘tishga ruxsat berildi degani emas. Istisno faqat ko‘rsatilgan masofalar va 1.1 hamda 1.3 chiziqlariga nisbatan amal qiladi.

Statsionar radar oldidan ogohlantiruvchi belgi qo‘yiladi

596-son qaror bilan statsionar radarlar joylashgan uchastkalarda ham yangi talab belgilandi.

Endilikda statsionar radargacha 250 metrdan 500 metrgacha masofada “Radar” ogohlantiruvchi belgisi o‘rnatilishi shart.

Huquqiy asos

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-oktabrdagi 596-son “Yo‘l harakati qoidalari buzilganligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori.

Chat