Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

1 fevraldan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?

  • 30.01.2023
  • 970 marta o'qildi

1) Advokatlarga «Elektron advokatlik orderi»ni berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi

Prezident qaroriga asosan 2023 yil 1 fevraldan boshlab:

Advokatlik tuzilmalari tomonidan advokatlarga muayyan ishni olib borish uchun beriladigan anʼanaviy shakldagi order maqomiga teng bo‘lgan maxsus QR-kod qo‘yilgan «Elektron advokatlik orderi»ni berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda, advokatlik tuzilmasi tomonidan ishonch bildiruvchi shaxs bilan tuzilgan barcha shartnomalarning faqat rekvizitlari (shartnoma raqami va uning tuzilgan sanasi) to‘g‘ridan to‘g‘ri «Yuridik yordam» axborot tizimiga kiritiladi va bu QR-kod qo‘yilgan «Elektron advokatlik orderi»ni olish uchun asos bo‘ladi. Shuningdek, advokat so‘rovi yuborilgan davlat organi yoki tashkilot, tegishli ishni ko‘rib chiqayotgan sud yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ tomonidan advokatning muayyan ishga vakolatliligini aniqlash muqobil ravishda QR-kod qo‘yilgan «Elektron advokatlik orderi» orqali ham amalga oshirilishi imkoniyati yaratiladi.

2) NNTlar tomonidan adliya organiga taqdim etiladigan hisobot shakli o‘zgaradi

Adliya vazirining buyrug‘iga asosan 2023 yil 1 fevraldan boshlab nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan adliya organiga taqdim etiladigan hisobot shaklining yangi tahriri kuchga kiradi.

3) Qiymati 100 million so‘mgacha bo‘lgan zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan olib chiqishga ruxsat etiladi

Prezident qaroriga asosan:

  • rezident va norezident jismoniy shaxslarga — qiymati 100 million so‘mgacha bo‘lgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan, 100 million so‘m va undan ortiq bo‘lganlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqishga;

  • zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga — zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirgan holda, maʼlumotlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritmasdan O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga tijorat maqsadlarida olib chiqishga ruxsat etiladi.

4) Masʼuliyati cheklangan jamiyatning taʼsis shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talabi bekor qilinadi

Prezident qaroriga asosan mikro, kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlari Palata aʼzoligiga, aʼzolik va kirish badallaridan ozod qilingan holda, tekin qabul qilinadi hamda qonunda nazarda tutilgan aʼzolik bilan bog‘liq Palata xizmatlaridan to‘laqonli foydalanish huquqiga ega, Palata tomonidan ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha pulli xizmatlar bundan mustasno.

Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tgan tadbirkorlik subyektlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar aʼzo sifatida ro‘yxatga qo‘yish uchun Palataga elektron tizim orqali yuboriladi.

5) Pedagog kadrlar tayyorlashda halqaro doiradagi ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladi

2022–2026 yillarda pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasiga asosan, xorijiy oliy taʼlim muassasalarining yetakchi olimlari bilan hamkorlikda xalqaro doiradagi ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish yo‘lga qo‘yiladi.

Chat