“Ilmiy-metodik va tadqiqot ishlari sifatini oshirish orqali taʼlim tizimini kompleks rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–128-son, 20.04.2023 y.) qabul qilindi
Qaror bilan Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi (Respublika markazi) tashkil etildi.
Respublika markazi davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi.
Respublika markazi, jumladan:
taʼlim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari uchun yangi darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni nashr qilish, tajriba-sinovdan o‘tkazish va ekspertiza qilishni tashkillashtiradi.
Respublika markazi faoliyatiga umumiy rahbarlik Prezidentning fan, taʼlim, sog‘liqni saqlash va madaniyat masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Respublika markaziga Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.
Respublika markazi tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan taʼlim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yiladigan talablar maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari, shuningdek, o‘quv kurslari uchun majburiy hisoblanadi.
Qarorga ko‘ra, vakolatli davlat organlari maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari, shuningdek, o‘quv kurslarini litsenziyalash, attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishni Respublika markazi bilan kelishgan holda amalga oshiradi.