Qonunga ko‘ra, fuqarolar murojaat qilganidan keyingina yordam ko‘rsatish amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechilib, ehtiyojmandlarni oldindan aniqlash va profilaktik yondashuvga o‘tiladi. Shu maqsadda poliklinikalar, maktablar, bandlik markazlari, sudlar, ichki ishlar organlari hamda jazoni ijro etish muassasalarida professional ijtimoiy xodimlar instituti joriy etiladi.
Hujjatga muvofiq, oilalar va fuqarolarning ehtiyoj darajasi endilikda faqat daromadiga qarab emas, balki ularning hayotiy vaziyati kompleks baholash asosida aniqlanadi. Shundan so‘ng har bir fuqaro yoki oila uchun individual ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash rejasi ishlab chiqiladi.
Qonun davlat organlari vakolatlarini ham belgilaydi. Vazirlar Mahkamasi ijtimoiy xizmatlar bo‘yicha umumiy standart va me’yorlarni tasdiqlaydi, mahalliy hokimliklar esa uy-joy masalalari hamda zarur infratuzilmani rivojlantirish uchun mas’ul bo‘ladi.
Shuningdek, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishga tegishli tekshiruvdan o‘tgan mahallalar, xususiy kompaniyalar va nodavlat notijorat tashkilotlari ham jalb etilishi mumkin. Ularning xizmatlari davlat budjeti hisobidan moliyalashtirilishi ham nazarda tutilgan.
Qonunda ijtimoiy xodimlarning huquqiy maqomi, ularning huquqlari, himoya choralari va kasbiy majburiyatlari ham belgilab qo‘yilgan.
Bundan tashqari, hujjatda ijtimoiy yordamni to‘xtatish asoslari ham ko‘rsatilgan. Xususan, oila daromadi belgilangan ehtiyoj mezonidan oshsa yoki fuqaro ko‘rsatilgan yordam natijasida og‘ir hayotiy vaziyatdan chiqsa, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash to‘xtatilishi mumkin.