Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 22-sentabrdagi 508-son qarori bilan Toshkent shahrida qonunbuzarlik sabab ushlangan transport vositalarini vaqtincha saqlash joylariga olib kelish va ularni chiqarishning yangi tartibi tasdiqlandi. Tizim 2026-yil 1-oktabrdan tajriba tariqasida ishlay boshlaydi.
Vakolatli davlat organi transport vositasini jarima maydonchasiga joylashtirish haqida qaror qabul qilganda, ma’lumot “Jarima maydonchasi” moduli orqali tegishli davlat organlari va xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarga elektron tarzda yuboriladi.
Transport vositasini boshqarishdan chetlashtirish nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etilgan holatlarda avtomobil jarima maydonchasiga faqat maxsus texnika — evakuator yoki manipulyator yordamida olib ketilishi mumkin.
Transport vositasini ushlab turishga sabab bo‘lgan holatlar bartaraf etilgandan keyin uni maydonchadan olib chiqish uchun elektron ruxsatnoma rasmiylashtiriladi.
Ruxsatnoma ma’muriy ishni ko‘rib chiquvchi organning vakolatli mansabdor shaxsi tomonidan “Jarima maydonchasi” moduli orqali shakllantiriladi, QR-kod bilan tasdiqlanadi hamda haydovchi va saqlash xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilotga 1 ish kuni ichida elektron shaklda yuboriladi. Haydovchining telefon raqamiga SMS-xabar ham jo‘natiladi.
Modul orqali rasmiylashtirilmagan ruxsatnoma asosida transport vositasini jarima maydonchasidan chiqarish taqiqlanadi.
Yangi tartibda huquqbuzarlik uchun jarima, transport vositasini saqlash va boshqa majburiy to‘lovlarni elektron shaklda to‘lash imkoniyati nazarda tutilgan. QR-kodli elektron ruxsatnomani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali shakllantirish ham belgilangan.
Agar transport vositasini jarima maydonchasiga joylashtirish to‘g‘risidagi qaror keyinchalik bekor qilinsa, haydovchi sarflagan xarajatlar qonunchilikda belgilangan tartibda vakolatli davlat organi mablag‘lari hisobidan qoplanishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 22-sentabrdagi 508-son qarori.