O‘zbekiston Markaziy banki birinchi marta o‘tgan yil uchun Milliy moliyaviy qamrov indeksini pilot hisoblash natijalarini taqdim etdi. Hisobotga ko‘ra, bank kartalari keng tarqalganiga qaramay, ularning salmoqli qismi amalda faol emas.
O‘zbekistonda o‘rtacha bir nafar voyaga yetgan aholiga 3,2 ta bank kartasi to‘g‘ri keladi. Biroq so‘nggi 12 oy davomida milliy bank kartalarining atigi 53 foizidan faol foydalanilgan. Demak, qariyb 47 foizi foydalaniladigan kartalar qatoriga kirmaydi.
«Bu ma’lumotlar to‘lov infratuzilmasining miqdor jihatdan kengayishi va aholi tomonidan undan amalda foydalanish o‘rtasida sezilarli tafovut mavjudligini ko‘rsatadi», — deya ta’kidladi Markaziy bank.
Shu bilan birga, mamlakatda to‘lov vositalaridan foydalanish imkoniyati yetarlicha yuqori darajada. Voyaga yetgan aholining 83 foizida bank kartasi mavjud, qariyb 77 foizida internet-bankingning faol profili bor, 86,3 foizi esa mobil internet orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega.
Shunga qaramay, to‘lov xizmatlaridan amalda foydalanish indeksi 100 ballik shkalada atigi 34 ballni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, jamg‘arma mahsulotlaridan foydalanish darajasi 68 ball, kredit mahsulotlaridan foydalanish darajasi esa 47 ball deb baholangan.
Bundan tashqari, naqd pulsiz to‘lovlarning asosiy qismi faqat ayrim turdagi operatsiyalarga to‘g‘ri keladi. Barcha to‘lov operatsiyalarining 69 foizi jismoniy shaxslar o‘rtasidagi (P2P) pul o‘tkazmalari hisobiga to‘g‘ri keladi. Markaziy bank bahosiga ko‘ra, bu pul mablag‘larini raqamli kanallar orqali o‘tkazish odati shakllanganini ko‘rsatadi. Biroq raqamli to‘lovlardan foydalanishning boshqa ssenariylari hali keng tarqalmagan.
Qayd etilishicha, bank kartalari sonini shunchaki ko‘paytirish moliyaviy qamrovni oshirishda cheklangan samara beradi.
Regulyator faol foydalanuvchilar ulushi va operatsiyalar chastotasini oshirish, shuningdek, kundalik hisob-kitoblarda kartalar va boshqa raqamli vositalardan foydalanish ko‘lamini kengaytirishga e’tibor qaratish zarur, deb hisoblaydi.