Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Toshkentda avtomobillarni jarima maydonchasiga olib borish va chiqarishning yangi tartibi joriy etiladi

  • 24.09.2026
  • 57 marta o'qildi

Ushlangan transport vositalarini jarima maydonchasiga olib kelish va u yerdan chiqarish jarayoni “Jarima maydonchasi” elektron moduli orqali amalga oshiriladi. Avtomobilni chiqarish uchun QR-kodli elektron ruxsatnoma talab etiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 22-sentabrdagi 508-son qarori bilan Toshkent shahrida qonunchilik buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini vaqtincha saqlash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash tartibi tasdiqlandi. Hujjat 2026-yil 24-dekabrdan kuchga kiradi.

Vakolatli davlat organi avtomobilni jarima maydonchasiga joylashtirish haqida qaror qabul qilsa, ma’lumot “Jarima maydonchasi” moduli orqali tegishli davlat organlari va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga yuboriladi.

Transportni boshqarishdan chetlashtirish nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etilganda avtomobil jarima maydonchasiga faqat maxsus texnika — evakuator yoki manipulyator yordamida olib boriladi.

Avtomobilni ushlab turishga sabab bo‘lgan holatlar bartaraf etilgach, uni jarima maydonchasidan olib chiqish uchun elektron ruxsatnoma rasmiylashtiriladi.

Ruxsatnoma vakolatli mansabdor shaxs tomonidan “Jarima maydonchasi” modulida rasmiylashtiriladi va QR-kod bilan tasdiqlanadi.

U 1 ish kuni ichida haydovchi va saqlash xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilotga elektron tarzda yuboriladi, haydovchiga esa SMS-xabar jo‘natiladi.

Modul orqali rasmiylashtirilmagan ruxsatnoma asosida avtomobilni jarima maydonchasidan chiqarish taqiqlanadi.

❗️ Muhim: yangi tartib 2026-yil 24-dekabrdan kuchga kiradi.

Huquqiy asoslar

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 22-sentabrdagi 508-son qarori.

Chat