Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Energetika sohasida vakolatlar qayta taqsimlanadi va tariflar raqamlashtiriladi

  • 24.09.2026
  • 64 marta o'qildi

O‘zbekistonda yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini boshqarish tizimi takomillashtiriladi. Energetika vazirligining ayrim individual ruxsat berish funksiyalari bekor qilinib, Regulyator vakolatlari gaz bozoriga ham kengaytiriladi. 2027-yildan tarif buyurtmalari yagona raqamli platforma orqali ko‘rib chiqiladi.

Prezidentning 2026-yil 22-sentabrdagi PF–202-son Farmoni bilan yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida davlat boshqaruvi, nazorat va xo‘jalik faoliyatini o‘zaro aniq ajratishga qaratilgan yangi choralar belgilandi.

Farmonga ko‘ra, Energetika vazirligining tarmoq korxonalari va iste’molchilari o‘rtasidagi shartnomaviy, xizmat ko‘rsatish hamda boshqa xo‘jalik munosabatlari bo‘yicha individual tusdagi ruxsatnomalar berish amaliyoti bekor qilinadi.

Bu orqali vazirlikning asosiy e’tiborini davlat siyosati va strategik rivojlanishga qaratish, tijorat munosabatlariga bevosita aralashuvni qisqartirish ko‘zda tutilgan.

Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi vakolatlari kengaytirilib, elektr energiyasidan tashqari tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minotida ham bozor tamoyillarini bosqichma-bosqich shakllantirish va tartibga solish vazifasi yuklatiladi.

Agentlik avvaldan elektr energiyasining raqobatga asoslangan ulgurji va chakana bozorlarini shakllantirish hamda bozor ishtirokchilari uchun teng va shaffof sharoitlarni ta’minlash vakolatiga ega.

Yangi modelda davlat siyosatini yuritish, bozorni tartibga solish, nazorat qilish va tijorat faoliyatini amalga oshirish funksiyalarini bir-biridan aniqroq ajratish ko‘zda tutilgan.

Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatida esa preventiv nazorat kuchaytiriladi — ya’ni xavflarni erta aniqlash va qoidabuzarliklarning oldini olishga urg‘u beriladi.

Yoqilg‘i-energetika korxonalari resurslarni qazib olish, ishlab chiqarish, qayta ishlash, tashish, saqlash, uzatish, taqsimlash, yetkazib berish va sotish bo‘yicha xo‘jalik va tijorat faoliyatiga ixtisoslashadi.

2027-yil 1-iyuldan Idoralararo tarif komissiyasi uchun yagona raqamli platforma joriy etiladi.

Platforma orqali tarif buyurtmalari hamda hisob-kitoblar uchun zarur moliyaviy, texnik va boshqa ma’lumotlar elektron shaklda qabul qilinadi. Tarif hisob-kitoblarini belgilangan metodika asosida avtomatlashtirish ham nazarda tutilgan.

Bu tariflarni ko‘rib chiqish jarayonini tezlashtirish, hisob-kitoblarni standartlashtirish va shaffoflikni oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Huquqiy asoslar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 22-sentabrdagi PF–202-son “Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni.

Chat