Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Davlat mulkini xususiylashtirishda yangi imtiyoz va mexanizmlar joriy etiladi

  • 09.09.2026
  • 1 marta o'qildi

Davlat aktivlari va yer uchastkalarini sotib olishda avans 15 foiz etib belgilanadi, ayrim yirik obyektlar uchun 25 foizgacha chegirma va 7 yilgacha foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi. Sotilmay qolgan aktivlar uchun gibrid auksion va boshqa yangi mexanizmlar ham joriy etiladi.


Prezidentning 2026-yil 28-avgustdagi PF–177-son Farmoni bilan iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirishga qaratilgan yangi tartiblar belgilandi.

Farmonga ko‘ra, davlat aktivlari hamda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini sotib olishda avans to‘lovi 15 foiz miqdorida belgilanadi. Uni to‘lash uchun xaridorga 30 kalendar kun beriladi, qolgan mablag‘ni esa belgilangan muddatlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin bo‘ladi.

Yirik davlat aktivlari va yer uchastkalarini tezroq to‘liq sotib olgan xaridorlarga 25 foizgacha chegirma yoki qolgan mablag‘ni 5–7 yilgacha foizsiz to‘lash imkoniyati beriladi.

Xususan, sotib olish qiymati BHMning 23 ming baravaridan yuqori bo‘lgan davlat aktivlari va BHMning 8 ming baravaridan yuqori bo‘lgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari bo‘yicha:

  • 100 foiz to‘lovni 6 oy ichida amalga oshirgan xaridorga 25 foiz chegirma beriladi;
  • 50 foiz to‘lovni 6 oyda to‘lagan xaridor qolgan mablag‘ni 7 yilgacha foizsiz to‘lashi mumkin;
  • 35 foiz to‘lovni 3 oyda amalga oshirgan xaridorga qolgan qismini 5 yilgacha foizsiz to‘lash imkoniyati beriladi.

Davlat aktivi qiymatining kamida 50 foizini to‘lagan xaridor obyektni rekonstruksiya qilish, yangidan qurish uchun buzish yoki ta’mirlash ishlarini boshlashi mumkin bo‘ladi.

Savdolarni tezlashtirish choralari ham belgilandi. Elektron auksiondagi auksion qadami boshlang‘ich narxning 1 foizi etib belgilanadi. Takroriy savdoda faqat bitta talabgor ishtirok etsa, unga lotni e’lon qilingan narxda sotib olish taklif qilinishi mumkin.

Savdoni e’lon qilish muddati ham qisqartiriladi: birinchi savdoda 30 kundan 15 kunga, takroriy savdoda esa 10 kundan 5 kunga.

Davlat aktivi 3 oy davomida sotilmasa, uni anglo-golland modelidagi gibrid auksion orqali sotish mumkin bo‘ladi.

Bunday auksionda narx dastlab 2 foizlik qadamlar bilan pasaytiriladi. Xaridordan taklif tushgach esa savdo shu narxdan boshlab oshirish usulida davom etadi.

Shuningdek, 3 oy davomida sotilmagan ayrim davlat aktivlarining boshlang‘ich narxini bosqichma-bosqich pasaytirish, 2 oy sotilmagan obyektlarni esa lotlarga bo‘lib yoki birlashtirib qayta savdoga chiqarish imkoniyati beriladi.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan va uzoq vaqt sotilmagan ayrim yer uchastkalarini yuridik shaxslarning ustav kapitaliga ulush sifatida kiritish mexanizmi ham joriy etiladi.

Davlat ko‘chmas mulki xususiylashtirilganda unga biriktirilgan yer uchastkasi bo‘yicha avval mavjud bo‘lgan umrbod egalik qilish, doimiy foydalanish yoki ijara huquqi saqlanib qoladi.

Bunday holatda yer uchastkasi bo‘yicha ijara shartnomasini qayta tuzish talab etilmaydi.

Yer uchastkalarini arxitektura-shaharsozlik kelishuvlari va qurilish uchun zarur ruxsatnomalar bilan birga “tayyor paket” shaklida auksionga chiqarish amaliyoti ham kengaytiriladi.

Farmonda qarzdorlikni suddan tashqari undirishni rag‘batlantirishga qaratilgan alohida imtiyozlar ham belgilangan. 2030-yil 1-yanvarga qadar qarzdorlik evaziga banklar balansiga o‘tgan ayrim ko‘chmas mulk obyektlari bo‘yicha banklar, investitsiya kompaniyalari va keyinchalik ushbu obyektlarni sotib olgan xaridorlarga mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha muddatli imtiyozlar beriladi.

Qarzdorning mol-mulki bankka ixtiyoriy topshirilganda yuridik shaxs QQSdan ozod qilinishi, davlat ishtirokidagi banklarga esa bunday aktivlarni bozor qiymatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri, jumladan kredit, lizing yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotish imkoniyati berilishi belgilangan.

Shuningdek, 2026-yil 1-oktabrdan davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslarga tegishli qimmatli qog‘ozlar huquqini hisobga olish Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi tomonidan amalga oshiriladi.

Raqobat muhiti shakllangan sohalarda davlat budjetidan moliyalashtirilmaydigan yangi davlat muassasalarini tashkil etishga cheklov kiritiladi. Tijorat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ayrim davlat muassasalari esa 2026-yil 1-dekabrga qadar xo‘jalik jamiyatlariga aylantiriladi.

Chat