Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

O‘zbekistonda raqamli “Baliqchi kartasi” tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda

  • 21.09.2026
  • 24 marta o'qildi

Baliq ovlash chiptalarini rasmiylashtirish, ov hududlarini ko‘rish, bron qilish va QR-ruxsatnomalardan foydalanish imkonini beruvchi Fisherman ID raqamli tizimini yaratish rejalashtirilmoqda. Hozircha tizim ishga tushmagan — uni ishlab chiqish bo‘yicha tijorat takliflari qabul qilinmoqda.


Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi “Baliqchi kartasi” (Fisherman ID) raqamli tizimini joriy etish bo‘yicha texnik topshiriq talablariga mos tijorat takliflarini qabul qilishni boshladi.

Loyiha doirasida baliq ovlash bilan bog‘liq asosiy xizmatlarni yagona raqamli platformaga birlashtirish rejalashtirilgan.

Tizim orqali baliq ovlash chiptasini rasmiylashtirish, to‘lov qilish, shaxsiy kabinetdan foydalanish, ov hududlarini ko‘rish va oldindan bron qilish mumkin bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, ochiq baliq ovlash zonalari reyestri, QR-propusk tizimi, hamkorlar uchun shaxsiy kabinet, ichki marketpleys, billing va tahlil modullari ham nazarda tutilgan.

Fisherman ID Android va iOS uchun mobil ilova ko‘rinishida ishlashi rejalashtirilgan. Tizim Click, Payme, kartografik servislar va Telegram Bot API bilan integratsiya qilinishi kerak.

Ishlab chiquvchi axborot xavfsizligini ta’minlash, platformani qo‘mita serverlariga joylashtirish, kompleks testdan o‘tkazish, hujjatlarni tayyorlash va foydalanuvchilarni o‘qitish uchun ham mas’ul bo‘ladi. Tizim ishga tushgach, 12 oylik kafolatli texnik qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilgan.

Muhim: hozircha “Baliqchi kartasi”dan foydalanish majburiyligi yoki uni joriy etishning aniq sanasi e’lon qilinmagan. Ayni paytda tizimni ishlab chiqish uchun ijrochi tanlash jarayoni ketmoqda.

Tijorat takliflari 2026-yil 23-sentabrgacha qabul qilinadi.

Chat