Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Tadbirkorlar faoliyatini vaqtincha to‘xtatib, soliq hisoblashni to‘xtatib turishi mumkin bo‘ladi

  • 06.11.2026
  • 40 marta o'qildi

2026-yil 18-noyabrdan tadbirkorlik subyektlari o‘z arizasi asosida faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turishi mumkin bo‘ladi. Bu soliq va statistika hisobotlarini topshirishni hamda soliq hisoblashni to‘xtatib turish uchun asos bo‘ladi.


Yangi qoida 2026-yil 17-avgustdagi O‘RQ–1168-son Qonun bilan belgilangan.

Faoliyatini vaqtincha to‘xtatmoqchi bo‘lgan tadbirkor faoliyatni to‘xtatishdan oldin ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga yoki tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali ariza berishi kerak.

Faoliyatni qayta boshlashda ham oldindan tegishli ariza beriladi.

Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ ma’lumotni keyingi ish kuni tugaguniga qadar soliq organlariga elektron tarzda yetkazadi. Yollanma xodimlar haqidagi ma’lumotlar esa «Yagona milliy mehnat tizimi» orqali avtomatik yuboriladi.

Rasmiy to‘xtatib turish quyidagilar uchun asos bo‘ladi:

  • soliq va statistika hisobotlarini taqdim etishni to‘xtatib turish;

  • tadbirkorlik subyekti va uning har bir xodimi bo‘yicha soliq hisoblashni to‘xtatib turish.

Demak, daromad yo‘qligining o‘zi yetarli emas — faoliyatni to‘xtatib turish rasmiylashtirilishi kerak.

Ariza asosida faoliyatni to‘xtatib turishning batafsil tartibini Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.

Huquqiy asos: 2026-yil 17-avgustdagi O‘RQ–1168-son Qonun, 1-moddaning 17-bandi.

Chat