Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

O‘zbekistonda yagona raqamli transport tizimini yaratish taklif qilindi

  • 22.09.2026
  • 17 marta o'qildi

Yuk tashuvchilarni yagona reyestrga kiritish, elektron yo‘l varaqasi va buyurtmalarni qabul qiluvchi agregator xizmatini joriy etish rejalashtirilmoqda. Tizim yuk harakatini real vaqtda kuzatish va sohadagi norasmiy xizmatlarni qisqartirishga ham xizmat qilishi kutilmoqda.


21-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev transport-logistika sohasidagi yirik loyihalarning borishi bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Unda infratuzilmani rivojlantirish bilan birga yuk tashish jarayonlarini raqamlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Taqdimotda yuk tashish sohasida kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 42 foizdan yuqori ekani qayd etildi. Muammolardan biri sifatida mahalliy yuk tashuvchilarning yagona reyestri, elektron buyurtmalar va transport xizmatlarini birlashtiruvchi umumiy elektron tizim mavjud emasligi ko‘rsatildi.

Shu sababli yagona raqamli transport tizimini yaratish, tashuvchilar reyestrini shakllantirish, elektron yo‘l varaqasi va buyurtmalarni qabul qiluvchi agregator xizmatini joriy etish taklif qilindi.

Shuningdek, xalqaro tashuvlarda elektron ruxsatnomalar almashinuvini kengaytirish va yuklar harakatini real vaqt rejimida kuzatish imkoniyatlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Yangi mexanizmlar orqali tashuvchilar uchun qulaylik yaratish, norasmiy xizmatlarni qonuniy faoliyatga o‘tkazish va transport sohasida shaffoflikni oshirish ko‘zda tutilgan.

Toshkent shahri, Toshkent, Andijon, Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida jami 17 ta logistika markazi va terminal loyihasini amalga oshirish ham rejalashtirilmoqda.

2030-yilgacha transport xizmatlari hajmini 2 baravar oshirish, sohaga 9,1 mlrd dollar investitsiya jalb qilish va xizmatlar eksportini 5,7 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Muhim: yagona raqamli transport tizimi hozircha ishga tushgan platforma emas. U Prezidentga taqdim etilgan takliflardan biri hisoblanadi.

Chat