Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Elektr va gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanganlik uchun qanday jarima bor?

  • 06.11.2026
  • 42 marta o'qildi

Elektr, issiqlik va gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish, hisoblagich yoki uning plombasiga qasddan shikast yetkazish, shuningdek hisoblagich ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida qurilmaga tashqi aralashuv ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.


Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 101-moddasiga ko‘ra, umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik yoki gaz tarmoqlariga ruxsatsiz ulanish yoki ulardan foydalanish qoidalarini boshqacha tarzda buzish taqiqlanadi.

Shuningdek, elektr energiyasi, issiqlik energiyasi yoki tabiiy gazni hisobga olish asboblariga, jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoki hisoblagich ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida tashqi aralashuv ham huquqbuzarlik hisoblanadi.

Qancha jarima solinadi?

Bunday huquqbuzarlik uchun:

fuqarolarga — BHMning 15 baravaridan 20 baravarigacha;

mansabdor shaxslarga — BHMning 25 baravaridan 30 baravarigacha

miqdorda jarima solinadi.

Muhim: hisoblagich plombasini ataylab buzish yoki ko‘rsatkichlarni o‘zgartirish uchun qurilmaga aralashish ham tarmoqqa noqonuniy ulanish kabi javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Tijorat maqsadida ulanishda tartib boshqacha

Kodeksning 101-moddasida alohida qayd etilganidek, elektr yoki gaz tarmoqlariga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulanib, energiyani oz miqdorda o‘g‘irlash bilan bog‘liq harakatlarga ushbu moddaning mazkur qismi qo‘llanilmaydi.

Bunday holatlar qonunchilikda alohida tartibda baholanadi va ayrim vaziyatlarda jinoiy javobgarlikkacha olib kelishi mumkin.

Shuningdek, shunday harakat ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin yana sodir etilsa, Jinoyat kodeksining 185²-moddasiga muvofiq jinoiy javobgarlik yuzaga kelishi mumkin.

Huquqiy asos

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 101-moddasi.

Amaldagi jarima miqdorlari O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 11-martdagi O‘RQ–1121-son Qonuni bilan belgilangan va 2026-yil 13-iyundan kuchga kirgan.

Chat