Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

1 dekabrdan nimalar o‘zgaradi?

  • 01.12.2022
  • 1672 marta o'qildi

1) Haydovchilarga yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimi joriy etiladi (test rejimida). Yo‘l harakati qoidalariga so‘zsiz rioya qilinishini taʼminlash hamda ularni takroran buzish holatlarining oldini olish maqsadida quyidagi tartibni nazarda tutuvchi haydovchilarga yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimi joriy etiladi:

  • har bir yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun 12 oy davomida alohida jarima ballari hisoblab boriladi;

  • hisoblangan jarima ballari belgilangan miqdordan oshgan hollarda haydovchi maʼlum muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan o‘rnatilgan tartibda mahrum qilinadi;

  • muayyan davr mobaynida yo‘l harakati qoidabuzarligi sodir etmagan haydovchilarga keyinchalik hisoblangan jarima ballarini qisqartirish orqali rag‘batlantirish choralari qo‘llaniladi.

2) MCHJlarning taʼsis shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bekor qilinadi.

3) Subsidiya olish uchun arizani tuman (shahar) hokimligi tomonidan ko‘rib chiqish bekor qilinadi.

4) “Taekvondo (WT) hamma uchun” dasturi amalga oshiriladi. Taekvondoni taʼlim muassasalari hamda yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish orqali ommalashtirish, aholining ushbu sport turiga qiziqish ishlari amalga oshiriladi.

Shuningdek, taʼlim muassasalari, mahallalarda taekvondo bo‘yicha to‘garaklarni tashkil qilinib, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilalar farzandlarining taekvondo bilan shug‘ullanish xarajatlarini qoplab berish tartibi joriy etiladi.

5) Ayrim postlarda “Yashil” va “Qizil” tamoyili asosida avtotransportlar harakatlanishi yo‘lga qo‘yiladi.

6) "Yagona darcha" bojxona axborot tizimi xizmatlari soni kengaytiriladi. 

Bojxona ko‘rigi jarayonlarini qamrab olgan mobil elektron tizim ishga tushiriladi.

Shuningdek, bojxona xizmatlari to‘liq raqamlashtirilgan holda, "Yagona darcha" bojxona axborot tizimi orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 40 taga yetkaziladi.

7) Fuqarolik va migratsiya sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish soddalashtiriladi. Fuqarolik va migratsiya sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida fuqarolardan ortiqcha hujjatlarni talab qilish amaliyotini bartaraf etish maqsadida:

  • fuqarolarning familiyasi, ismi, otasining ismi, millati, tug‘ilgan sanasi o‘zgarganligi yoki yozuvlarda noaniqliklar aniqlanganligi munosabati bilan yangi identifikatsiyalovchi ID-kartani rasmiylashtirishda ushbu holatlarni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish talabi bekor qilingan holda mazkur holatlarni elektron tizim orqali tekshirish;

  • jinoiy jazoni o‘tab chiqqan fuqarolarga yangi identifikatsiyalovchi ID-kartani rasmiylashtirishda ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatlarni elektron tizim orqali olish tartibi joriy etiladi. 

8) Avtomobil opsiyalari haqidagi maʼlumot avtomatik ravishda yetkaziladi.

Avtomobil opsiyalari haqidagi maʼlumotni avtomatik tarzda yetkazib berish maqsadida, ishlab chiqarish liniyalaridagi robot va PLClarga avtomobil opsiyalari haqidagi maʼlumotni avtomatik tarzda yetkazib berish tizimi MPG (Manufacturing processing Gatewayjoriy etiladi.

Chat