"Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Prezident qarori qabul qilindi
Qarorga muvofiq, 2023 yilda:
muhtoj shaxslar zamonaviy oyoq protez-ortopediya buyumlari bilan;
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan va I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar son protezi, boldir protezi va oyoq kamari ortoped apparatlari bilan bepul taʼminlanadi.
2023 yil 1 sentyabrdan nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlashda tibbiy xulosa talab qilinmaydi.
I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga g‘amxo‘rlik qiluvchilar davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanadi, mansabdor shaxslar qabuliga navbatsiz kiradi.
2023 yil 1 maydan shifoxonalarda davolanayotgan nogironligi bo‘lgan bolaga g‘amxo‘rlik qilayotgan shaxslarga:
bolaning yonida bo‘lish uchun sharoit yaratiladi;
mazkur davr uchun mehnatga layoqatsizlik varaqasi va bepul ovqat beriladi.
Pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari bolani nogironligi bo‘lgan shaxs deb topganda ularga pensiya tayinlashda qaytadan tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga yuborish bekor qilinadi.
“Yuridik yordam” axborot tizimida nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul huquqiy yordam berish uchun alohida murojaat bo‘limi yaratiladi.
Mazkur hujjat Adliya vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan.