2027-yil 5-fevraldan yong‘in xavfsizligi sohasida ayrim huquqbuzarliklar uchun yangi ma’muriy javobgarlik choralari kuchga kiradi. Jumladan, qurilish jarayonlariga noqonuniy aralashish, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish, ayrim obyektlarni majburiy sug‘urta qilmaslik va yong‘in auditi talablarini buzish uchun jarimalar belgilandi.
Prezident tomonidan 2026-yil 2-noyabrda “Yong‘in xavfsizligi tizimi takomillashtirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–1186-son Qonun imzolandi.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bir qator yangi javobgarlik choralari kiritildi.
Obyektlarni qurish uchun yer uchastkalarini ajratish, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish hamda qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish jarayonlarida vakolatli organlar va xulosa beruvchilarning o‘z vazifalarini bajarishiga mansab vakolatlaridan foydalangan holda qonunga xilof ravishda aralashish:
BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.
Muhim: mazkur javobgarlik obyektni qurish bilan bog‘liq ruxsat berish va kelishish jarayonlariga mansab vakolatidan foydalanib noqonuniy aralashish holatlariga nisbatan qo‘llanadi.
Avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida iste’molchilarga suyultirilgan uglevodorod gazini maishiy gaz ballonlarida berish taqiqlanadi.
Bunday huquqbuzarlik uchun:
BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha jarima belgilangan.
Bozorlar, savdo komplekslari va savdo-ko‘ngilochar markazlari mulkdorlari uchinchi shaxslarning hayoti yoki sog‘lig‘iga yong‘in natijasida zarar yetkazilishi bilan bog‘liq fuqarolik javobgarligini, shuningdek obyektning o‘zini yong‘indan majburiy sug‘urta qilishi shart.
Mazkur majburiyat bajarilmasa, mansabdor shaxslarga:
BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha jarima solinadi.
Ya’ni talab nafaqat obyektning o‘zini, balki yong‘in oqibatida uchinchi shaxslarga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarar bo‘yicha fuqarolik javobgarligini ham sug‘urtalashni qamrab oladi.
Qonunchilikda belgilangan yong‘in auditini o‘tkazish talablari va shartlarini buzganlik uchun:
fuqarolarga — BHMning 15 baravari;
mansabdor shaxslarga — BHMning 30 baravari miqdorida jarima belgilandi.
E’tibor bering: O‘RQ–1186-son Qonun 2026-yil 2-noyabrda qabul qilingan bo‘lsa-da, uning mazkur normalari 2027-yil 5-fevraldan kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 2-noyabrdagi O‘RQ–1186-son “Yong‘in xavfsizligi tizimi takomillashtirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni.