Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

O‘zbekistonda velosport ommalashtiriladi: Toshkent maktablariga velosipedlar beriladi

  • 18.11.2026
  • 68 marta o'qildi

2027-yil martdan o‘quvchilar, talabalar va aholi uchun velosport musobaqalari muntazam o‘tkaziladi. Toshkentda zarur infratuzilmaga ega maktablarni velosipedlar bilan ta’minlash bo‘yicha sinov loyihasi boshlanadi.


Prezidentning 2026-yil 11-noyabrdagi PQ–394-son qarori bilan velosportni 2030-yilgacha rivojlantirish maqsadlari belgilandi. Qaror 12-noyabrda kuchga kirdi.

2030-yilgacha velosport bilan shug‘ullanuvchilar qamrovini 30 ming nafarga, muntazam shug‘ullanuvchilar sonini 5 ming nafarga, trenerlar sonini esa 350 nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Milliy terma jamoaning Osiyo musobaqalarida kuchli uchlikka kirishi, Olimpiya o‘yinlariga ko‘proq yo‘llanma olishi va medallar uchun kurashishi ham maqsad qilib belgilandi.

Musobaqalar 2027-yil martdan boshlanadi

  • «Talabalar kubogi» — oliy ta’lim tashkilotlari talabalari uchun.

  • «Direktor kubogi» — zarur infratuzilmaga ega maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari uchun.

  • «Sening imkoniyating» — nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun paravelosport musobaqasi.

  • «Yangi O‘zbekiston» — tegishli vazirlik va idoralar xodimlari uchun.

  • «Bahor malikalari» — 8-mart munosabati bilan ayollar o‘rtasida o‘tkaziladigan velomarafon.

  • «Salomatlik sari yo‘l» — 22-sentabr, Avtomobilsiz kun doirasida aholi uchun o‘tkaziladigan velomarafon.

Toshkent maktablariga velosipedlar beriladi

2027–2028-yillarda sinov loyihasiga kiritilgan maktablarning har biriga ommaviy mashg‘ulotlar uchun to‘rtta velosiped va bitta professional velosiped beriladi. Maktablarga trenerlar biriktiriladi. Sinov natijalari asosida bu tajribani 2029-yildan boshqa hududlarga bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha takliflar kiritiladi.

Maktab-internatda paravelosport qamrovi kengaytiriladi

Respublika velosport mahorat maktab-internati iqtidorli sportchilarni terma jamoalar uchun tayyorlaydi. Maktab-internatda 6–11-sinflarda tahsil oluvchi 100 nafar o‘quvchi-sportchi soni saqlanadi. 2027/2028-o‘quv yilidan paravelosport yo‘nalishidagi o‘quvchilar ulushi 20 foizga yetkaziladi.

Shu o‘quv yiliga qadar maktab-internat va O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi maktab o‘quvchilari uchun videomateriallar tayyorlaydi. «Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari» doirasida ham velosport musobaqalari o‘tkaziladi.

Rasmiy manba — PQ–394-son qaror, Lex.uz

Chat