Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Reabilitatsiya markazlariga yo‘llanma elektron navbat asosida beriladi

  • 18.11.2026
  • 68 marta o'qildi

Nogironligi bo‘lgan shaxslar yoki ularning qonuniy vakillari reabilitatsiya va protezlash markaziga yo‘llanma olish uchun onlayn yoki bevosita murojaat qilishi mumkin. Arizani ko‘rib chiqish, yo‘llanma berish va yo‘llanma asosida ko‘rsatiladigan reabilitatsiya xizmatlari bepul.


Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlagan nizom 2026-yil 13-noyabrda 3974-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi va 14-noyabrda kuchga kirdi.

Yo‘llanma olish uchun qayerga murojaat qilinadi?

Arizani my.gov.uz portali, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi, ijtimoiy xodim yoki bevosita oilaviy shifokor orqali berish mumkin. Ariza beruvchi ro‘yxatdan o‘tgan hududiga xizmat ko‘rsatuvchi markaz yoki Milliy markazni, shuningdek, xizmatni ambulator yoki statsionar sharoitda olishni tanlaydi.

Oilaviy shifokor shaxs xabardor qilingan kundan boshlab 5 ish kuni ichida tibbiy ko‘rik o‘tkazadi. Nogironlik belgilanishiga asos bo‘lgan kasallik bo‘yicha tibbiy ko‘rsatma mavjud bo‘lsa va qarshi ko‘rsatma aniqlanmasa, shifokor elektron yo‘llanma rasmiylashtiradi.

Yo‘llanma qancha vaqt oralig‘ida beriladi?

 

        Nogironlik belgilangan muddat         Ambulator Statsionar
Muayyan muddatga         Kalendar yilida 3 marta         Har 6 oyda 1 marta
Muddatsiz Kalendar yilida 2 marta         Kalendar yilida 1 marta        

 

Har bir yo‘llanma bo‘yicha reabilitatsiya ambulator sharoitda 1 oy, statsionar sharoitda esa 12 kungacha davom etadi.

Navbatni real vaqtda kuzatish mumkin

«Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi markazning qabul imkoniyati va bo‘sh o‘rinlariga qarab navbatni avtomatik shakllantiradi. Navbatdagi o‘rinni my.gov.uz yoki murojaatni qabul qiluvchi xodimlar orqali bilish mumkin.

Yo‘llanmada ko‘rsatilgan sanaga 10 kun qolganda ariza beruvchiga SMS yoki portal orqali xabar beriladi. Belgilangan kuni kelinmasa, shaxs navbat oxiriga o‘tkaziladi. Takroriy navbatda ham kelinmasa, yo‘llanma bekor qilinadi va qayta murojaat qilish mumkin.

Rasmiy manba — 3974-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan nizom, Lex.uz

Chat