Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Sport inshootlarini MySport orqali band qilish mumkin bo‘ladi

  • 18.11.2026
  • 63 marta o'qildi

MySport ilovasi orqali sport inshootini tanlash, band qilish va to‘lovni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi. Maktablarda sport to‘garaklari ko‘paytiriladi, musobaqa g‘oliblari va sovrindorlariga esa QR-kodli elektron diplom va sertifikatlar beriladi.


Prezidentning 2026-yil 16-noyabrdagi PQ–396-son qarori bilan jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari faoliyatini to‘liq raqamlashtirish ustuvor yo‘nalish etib belgilandi. «ERP sport» yagona elektron boshqaruv tizimi davlat tashkilotlarining boshqa axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi.

MySport orqali sport inshootini tanlash va to‘lash mumkin bo‘ladi

Ilovada pulli sport xizmatlarini ko‘rsatuvchi davlat va nodavlat tashkilotlari inshootlarini soatlik, kunlik, oylik yoki yillik tarif bo‘yicha band qilish va to‘lovni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.

Foydalanuvchilar sport turlari, inshootlar manzili, tariflar, aksiyalar va tashkilotlar reytingini ko‘rishi mumkin bo‘ladi. Davlat sport tashkilotlari inshootlarini ijaraga berishdan tushadigan mablag‘lar ham tizim orqali nazorat qilinadi.

2027-yil 1-yanvardan sport musobaqalari g‘oliblari va sovrindorlariga diplom va sertifikatlar «ERP sport» orqali QR-kod bilan elektron shaklda beriladi.

Maktablarda kamida bittadan sport to‘garagi yo‘lga qo‘yiladi

«Maktabdan Sport akademiyasigacha» g‘oyasi doirasida umumta’lim muassasalariga sport maktablari biriktirilib, yakkakurash va jamoaviy olimpiya sport turlari bo‘yicha kamida bittadan to‘garak tashkil etiladi. Maktablar qoshidagi sport klublari tarmog‘i kengaytiriladi va jismoniy tarbiya o‘qituvchilari faoliyati rivojlantiriladi.

Sport vazirligi tizimidagi respublika oliy sport mahorati maktablari negizida Olimpiya terma jamoalari markazi tashkil etiladi.

PQ–396-son qaror, Lex.uz

Chat