Loyiha 2026-yil 17-noyabrda ko‘rib chiqildi. Unda «Ta’lim to‘g‘risida»gi hamda «Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartirish kiritish nazarda tutilgan. Maqsad — maktabgacha ta’lim bilan maktab dasturlari o‘rtasidagi uzviylikni kuchaytirish.
Amaldagi tartib va taklif etilayotgan o‘zgarish
Amaldagi «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunning 8-moddasida 6 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarni boshlang‘ich ta’limga bir yillik majburiy tayyorlash maktabgacha ta’lim doirasida nazarda tutilgan. Loyiha shu tayyorlov yilini umumiy o‘rta ta’lim tizimi tarkibiga kiritishni taklif qilmoqda.
Amaldagi qonunning 9-moddasiga ko‘ra, bolalar 7 yoshga to‘ladigan yili birinchi sinfga qabul qilinadi.
Tayyorlov mashg‘ulotlari qayerda o‘tkaziladi?
Loyihaga ko‘ra, bog‘chaga qatnaydigan bolalar tayyorlovni o‘z bog‘chasida o‘taydi. Bog‘chaga bormaydigan bolalar uchun maktablar va boshqa ijtimoiy obyektlarda tayyorlov guruhlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Loyiha parlamentda keyingi ko‘rib chiqish bosqichlaridan o‘tishi kerak. Hozircha birinchi sinfga qabul amaldagi qoida bo‘yicha amalga oshiriladi.