Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Yo‘l harakati jarimasi 60 kunda to‘lanmasa, avtomobil jarima maydonchasiga olib ketilishi mumkin

  • 24.11.2026
  • 33 marta o'qildi

2027-yil 7-yanvardan O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidabuzarliklariga doir ma’muriy ishlarni rasmiylashtirish va ko‘rib chiqish bo‘yicha yangi yo‘riqnoma kuchga kiradi. Unda jarima o‘z vaqtida to‘lanmaganida transport vositasini ushlab turish, to‘lovni joyida tasdiqlash va avtomobilni jarima maydonchasidan qaytarib olish tartibi belgilangan.


60 kun qaysi sanadan hisoblanadi?

Jarima uni solish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan kundan boshlab 60 kun ichida to‘lanishi kerak. Agar qaror ustidan shikoyat berilgan yoki protest bildirilgan bo‘lsa va u qanoatlantirilmasa, to‘lov uchun bu haqda xabar berilgan kundan boshlab 30 kun beriladi.

Jarima muddatida to‘lanmasa, nima bo‘ladi?

60 kun ichida to‘lov amalga oshirilmasa, qarorda ko‘rsatilgan transport vositasi haqidagi ma’lumot Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarining planshetlarida va boshqa axborot tizimlarida avtomatik aks etadi. Xodimlar shu ma’lumot asosida yangi ma’muriy bayonnoma tuzmasdan avtomobilni ushlab turish chorasini qo‘llashi mumkin.

Jarima joyida to‘liq to‘lansa va to‘lov axborot tizimida tasdiqlansa, avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirilmaydi.

To‘lov bank kassasi, elektron to‘lov tizimi yoki mobil ilova orqali amalga oshiriladi. Agar avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirilgan bo‘lsa, jarima to‘langani tekshirilgach, uni qaytarib olish uchun elektron ruxsatnoma yuboriladi. Haydovchi talab qilsa, ruxsatnoma nusxasi qog‘oz shaklda ham beriladi.

3969-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan yo‘riqnoma — Lex.uz

Chat