Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 301431 marta o'qildi

Er-xotindan birining arizasi bo‘yicha nikohdan ajralishni qayd etish

Er-xotindan biri:

  • sud tomonidan bedarak yo‘qolgan deb topilgan bo‘lsa;
  • sud tomonidan ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa;
  • sodir qilgan jinoyati uchun 3 yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa, o‘rtada voyaga etmagan umumiy bolalari bor-yo‘qligidan qat’i nazar, er-xotindan birining arizasiga ko‘ra FHDYo organlarida nikohdan ajratish qayd etiladi.

Bunda FHDYo organiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

  • er (xotin)ning muomalaga layoqatsiz yoxud bedarak yo‘qolgan deb topilganligi to‘g‘risida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori;
  • er (xotin) 3 yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilinganligi to‘g‘risida sudning qonuniy kuchga kirgan hukmidan ko‘chirma, shuningdek sudlangan er (xotin)ning o‘rtadagi bolalari va mol-mulki yuzasidan nizosi yo‘qligi to‘g‘risidagi tilxat.

Er-xotinning o‘zaro roziligi asosida nikohdan ajralishni qayd etish
  • FHDYo organi mulkiy nizolari hamda voyaga etmagan farzandlari bo‘lmagan er-xotinlardan nikohdan ajratish to‘g‘risidagi arizani qabul qiladi.
  • Alohida yashovchi er-xotinni nikohdan ajratishni qayd etish ularning birgalikda bergan arizalariga asosan, ulardan birining yashash joyidagi FHDYo organi tomonidan amalga oshiriladi.
  • Agar er-xotindan biri nikohdan ajralish to‘g‘risidagi arizani berish uchun FHDYo organiga kela olmasa, u holda er-xotin nomidan birgalikda yozilgan arizani ulardan biri topshirishi mumkin. Kela olmagan er yoki xotinning arizadagi imzosi notarial tartibda yoki er-xotin yashab turgan joydagi FHDYo organi mudiri tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
  • Nikohdan ajratishni qayd etish er-xotinning yoki ulardan birining ishtirokida nikohdan ajratish haqida FHDYo organiga ariza bergan kundan keyin 3 oy o‘tgach amalga oshiriladi va sobiq er-xotinlarning har biriga nikohdan ajralganlik haqida guvohnoma beriladi.
  • Er yoki xotindan birining nikohgacha bo‘lgan familiyasiga qaytishi to‘g‘risidagi istagi nikohdan ajratish haqidagi arizasida ko‘rsatilishi kerak.

Nikohdan sud tartibida ajratish
  • Agar sud er va xotinning bundan buyon birgalikda yashashiga va oilani saqlab qolishga imkoniyat yo‘q deb topsa, ularni nikohdan ajratadi.
  • Sud ishning ko‘rilishini keyinga qoldirib, er-xotinga yarashish uchun olti oygacha muhlat tayinlashga haqli.
  • Nikohdan ajralishni sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida FHDYo organida qayd etish er yoki xotinning yoxud er yoki xotindan birining ishonchnoma asosida harakat qiluvchi vakilining nikohdan ajralishni qayd etish to‘g‘risidagi arizasi asosida amalga oshiriladi. Bunda arizaga sudning hal qiluv qarori ilova qilinadi.

Nikohdan ajralganlik haqida takroriy guvohnoma va ma’lumotnomalar berish
  • Nikohdan ajralganlik haqidagi takroriy guvohnomalar dalolatnoma yozuvi qayd etilgan tegishli shaxslarning o‘zlariga yoki ishonchnoma asosida boshqa shaxslarga beriladi.
  • Nikohdan ajratilganda nikoh tuzilganligi haqidagi takroriy guvohnoma berilmaydi. Zarur hollarda ajrashgan shaxslarning ota-onalari va farzandlariga ularning arizasi asosida nikohdan ajralganlik qayd etilganligi haqida ma’lumotnoma beriladi.
  • Chet elda yashovchi fuqaro tomonidan berilgan hamda chet tilida tuzilgan ishonchnoma belgilangan tartibda legalizatsiya qilingan yoki apostilь qo‘yilgan bo‘lishi lozim.

Nikohdan ajralganlikni qayd etganlik uchun undiriladigan to‘lovlar

Undiriladigan to‘lovlar:

1. Davlat boji:

  • a) voyaga etmagan bolalari bo‘lmagan er-xotinlarning o‘zaro roziligi bo‘yicha – er-xotinlarning biridan yoki ikkalasidan BHMning 1.5 baravari miqdorida;
  • b) agar er-xotin birinchi nikohda bo‘lsa – sud qaroriga asosan BHMning 1.5 baravaridan 3 baravarigacha bo‘lgan miqdorda (er-xotinning biridan yoki ularning ikkalasidan);
  • v) er-xotindan biri takroriy nikohda bo‘lsa –  sud qaroriga asosan BHMning 3 dan 4 baravarigacha bo‘lgan miqdorda (er-xotinning biridan yoki ularning ikkalasidan).

2. Gerb yig‘imi:

  • BHMning 15 foizi miqdorida (bitta guvohnoma uchun); 

3. Pullik xizmat:

  • ariza to‘ldirishda yordam berganlik uchun – BHMning 2 foizi miqdorida;
  • huquqiy tushuntirish berganlik va dalolatnoma yozuvini rasmiylashtirish uchun – BHMning 10 foizi miqdorida.


Ko‘rsatiladigan xizmat uchun to‘lov undiriladi.

  1. nikohni bekor qilish haqidagi da’vo arizalaridan BHMning 2 baravari
  2. takroriy nikohni bekor qilish haqidagi da’vo arizalaridan BHMning 4 baravari

FHDYo organi qabuliga yozishi uchun havolaga o‘ting.

Chat