Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 49340 marta o'qildi

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari ta’lim-tarbiya berish, korrektsiyalash va davolash-sog‘lomlashtirish muassasalari hisoblanadi hamda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning umumiy o‘rta ta’lim olishda va ularni bilish imkoniyatlariga muvofiq tarbiyalashda, ularning jamiyatga moslashuvi va integratsiyalashuvida ko‘maklashish, shuningdek, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarga farzandlarini tarbiyalash va ularga ta’lim berishda yordam ko‘rsatish maqsadida tashkil etiladi.

Ushbu maktablarni tashkil etish tegishli hududda oxirgi 5 yilda 3 yoshdan 16 yoshgacha bolalar o‘rtasida tegishli kasalliklarning ko‘payganligini ko‘rsatadigan sog‘liqni saqlash organlarining rasmiy statistika ma’lumotlari bilan asoslanishi kerak.

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida o‘quvchilar soni 250 nafardan oshmasligi kerak.

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga bolalar 7 yoshga to‘ladigan yilda, tayyorlov guruhlariga 6 yoshdan qabul qilinadi.  

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari turlari

I — kar (eshitmaydigan) bolalar uchun maktab-internatlar;
II — zaif eshitadigan va keyinchalik kar bo‘lgan bolalar uchun maktab-internatlar (1, 2-bo‘lim);
III — ko‘zi ojiz (ko‘r) bolalar uchun «Nurli maskan» ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar;
IV — zaif ko‘radigan va keyinchalik ko‘r bo‘lgan bolalar uchun «Nurli maskan» ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar;
V — nutqida og‘ir nuqsonlar bo‘lgan bolalar uchun maktab-internatlar;
VI — tayanch-harakat apparatida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun maktab-internatlar;
VII — psixik rivojlanishi sust bo‘lgan bolalar uchun maktab-internatlar;
VIII — aqli zaif bolalar uchun (yordamchi) maktablar, maktab-internatlar.

Bolaning shaxsiy hujjatlar yig‘majildida quyidagi hujjatlar bo‘ladi
  • ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning arizasi;
  • psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosaci;
  • ta’lim olganligi to‘g‘risidagi hujjatlar (ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan bolalar uchun);
  • o‘qish joyidan ta’limning muddati, o‘quv fanlarini o‘zlashtirishi va xulq-atvori, bolaga yakka tartibda ko‘mak berish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarning batafsil tahlili aks ettirilgan ma’lumotnoma va tavsifnoma (ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan bolalar uchun);
  • bolaning yashash joyidagi shifoxona bosh vrachi tomonidan imzolangan, uning rivojlanishi tarixidan mufassal ko‘chirma:
  • pediatrning bolaning umumiy rivojlanishi holati to‘g‘risidagi xulosasi;
  • psixonevrologning tibbiy tashxisi va bolaning aqliy rivojlanishiga tavsifi;
  • otorinolaringologning quloq, tomoq, burun va talaffuz artikulyatsiyasida ishtirok etuvchi organlarning holatiga tavsifi (eshitishda nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun — so‘zlashuv nutqi va shivirlab aytilgan so‘zlarni idrok etish holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar, audiogramma ma’lumotlari);
  • oftalьmologning ko‘rish organiga tavsifi (ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun batafsil tashxisi);
  • ortoped vrachning xulosasi (tayanch-harakatlanish apparatida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun).

Qabul qilinmaydigan bolalar toifalari
  • aqli o‘ta zaif bolalar (imbitsil, idiotiya darajasidagi oligofreniya);
  • xulq-atvorida og‘ir buzilishlar, hissiy-irodaviy sohasida (organik) nuqsonlari bo‘lgan bolalar;
  • tayanch-harakat apparatida nuqsoni bo‘lgan, mustaqil ravishda harakatlana olmaydigan va o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsata olmaydigan bolalar;
  • ko‘r-kar-soqov bolalar;
  • tez-tez takrorlanadigan epileptik tutqanoqdan aziyat chekadigan (epileptik dementsiya, kunduzgi va tungi vaqtlarda tutqanog‘i tez-tez takrorlanadigan) bolalar;
  • markaziy asab tizimiga shikast etganligi tufayli siydik va najasini ushlab turolmaydigan bolalar.

Chat