Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 8265 marta o'qildi

Asosiy tushuncha

Qimmatbaho metallardan va toshlardan yasalgan buyumlar bilan chakana savdoni ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar amalga oshiradi.

Qimmatbaho metallardan va toshlardan yasalgan tovarlarni sotish faqat ixtisoslashtirilgan zargarlik do‘konlari, univermaglar, savdo markazlarining bo‘limlari, sektsiyalarida amalga oshiriladi.

Do‘konlar va bo‘limlarda quyidagilar mavjud bo‘lishi shart:

  • “O‘zstandart” agentligining davlat tekshiruvchilari tekshirgan birinchi yoki ikkinchi klass aniqlikdagi torozilar;
  • gardish o‘lchagichlar;
  • barmoq o‘lchagichlar;
  • probani aniqlash uchun reaktivlar.

Zargarlik buyumlarini joylashtirish

Ixtisoslashtirilgan zargarlik do‘konlarida, univermaglar, savdo markazlarining bo‘limlari va sektsiyalarida xaridorlarga qimmatbaho metallardan va toshlardan yasalgan buyumlarni ko‘rsatish qulay bo‘lishi kerak.

Xaridorlarga qulay bo‘lishi uchun zargarlik zeb-ziynatlar, stolni tuzash buyumlari va boshqa buyumlar vazifasi va xiliga ko‘ra guruhlarga ajratiladi.

Xaridorlarga taqdim etiladigan ma’lumotlar

Savdo zallarida xaridorlar uchun zarur bo‘lgan quyidagi ma’lumotlar ko‘zga ko‘rinarli joyga osib qo‘yilishi kerak:

  • qimmatbaho metallardan va toshlardan yasalgan buyumlar uchun O‘zbekiston Respublikasida belgilangan probalar to‘g‘risidagi axborot;
  • qimmatbaho metallardan va yasalgan buyumni tamg‘alash tartibi to‘g‘risidagi normativ hujjatdan ko‘chirmalar;
  • proba tamg‘alari tasviri, chakana savdo korxonasi Davlat probani aniqlash palatasida ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma.

Qimmatbaho metallardan va toshlardan yasalgan buyumlarda ularni tayyorlaganlarning tamg‘alari va Davlat probani aniqlash palatasining proba tamg‘alari bo‘lsagina sotiladi.

Chet eldan keltirilgan xorijda ishlab chiqarilgan buyumlarda ham Davlat probani aniqlash palatasining tamg‘asi bo‘lishi shart.

Sotuvga qo‘yilgan mahsulot haqidagi ochiq ma’lumot

Sotuvga qo‘yilgan qimmatbaho metallardan va toshlardan yasalgan buyumlarda mahsulotning nomi, tayyorlovchi, artikul, proba, 1 gramm mahsulotning massasi va narxi, sotuvga qo‘yilgan buyumlarning turi, xususiyati, buyumning massasi va chakana narxi ko‘rsatilgan holda plombalangan yorliqlar bo‘lishi kerak.

Qimmatbaho metallardan va toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari va boshqa maishiy buyumlar tamg‘alanmaydi, lekin ularda sifat sertifikati bo‘lishi kerak.

Xaridorga xizmat ko‘rsatish

Sotuvchi qimmatbaho metallardan va toshlardan yasalgan buyumlarni tanlashda xaridorga malakali yordam berishi va uni zarur maslahat bilan ta’minlashi, xaridorni sotuvdagi mavjud namunalar bilan tanishtirishi kerak.

Xaridor xohishiga ko‘ra sotuvchi-xodim xaridor tanlagan qimmatbaho toshlardan tayyorlangan buyumni do‘kon ish kunining oxirigacha saqlab turishga majbur.

Qimmatbaho metallardan va toshlardan yasalgan bezaklar yakka tartibda o‘rab-joylangan bo‘lishi kerak.

Sotuvchi qo‘shimcha tovarlar sotishni tashkil etishi va xaridorga qo‘shimcha xizmatlar kompleksini ko‘rsatishi mumkin (o‘yma naqsh solish, oldindan buyurtma qabul qilish, sovg‘ani etkazib berish va topshirish, chiroyli qilib o‘rab-joylash va xizmatlarning boshqa shakllari).

Zargarlik buyumidagi kamchiliklarni bartaraf etish

Qimmatbaho metallardan va toshlardan yasalgan buyumlar almashtirilmaydi va qaytarib olinmaydi.

Quyidagi hollar bundan mustasno:

  • chakana savdo korxonasi qayd etmagan nuqsonlar (zirakka toshlar, ilgaklarning, bilakuzukka sharnirli birikmalarning sifatsiz mahkamlanganligi, yorliqlar, ushalgan joylar, tirnalgan joylar, g‘udurlar va boshqa nuqsonlar) aniqlanganda;
  • davlat proba tamg‘asi muhrining zargarlik qotishmasi amaldagi probasiga mos kelmaganda;
  • buyum xususiyatining plombalangan yorliq ma’lumotlariga mos kelmaganda.

Ushbu nuqsonlar aniqlanganda xaridor xarid qilingan kundan boshlab 6 oy ichida xarid narxi tegishlicha qayta hisoblangan holda ana shunday buyumlarga yoki boshqa buyumlarga almashtirishga yoxud nuqsonlarni tekin bartaraf etilishi yoki xarid narxi mutanosib ravishda kamaytirilishini talab qilishga haqli.

Shuningdek, xaridor zarar qoplangan holda oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishga ham haqli.

Xaridorning ko‘rsatib o‘tilgan talablari tovar cheki taqdim etilgandan keyin ko‘rib chiqiladi.

Qimmatbaho metallardan va toshlardan yasalgan buyumlarni sotish

Almashtirish yoki nuqsonlarni tekin bartaraf etish muddati buzilganda sotuvchi neustoyka to‘lashi shart.

Sifatga oid nuqson masalasida kelishmovchilik bo‘lganda sotuvchi qimmatbaho metallardan va toshlardan yasalgan buyumni mustaqil ekspertiza o‘tkazish uchun Davlat probani aniqlash palatasiga yuborishga majbur.

Xaridor ekspertiza o‘tkazishda qatnashishga haqli.

Qimmatbaho metallardan va toshlardan yasalgan buyumlar uchun to‘langan naqd pul nazorat-kassa mashinalari orqali qabul qilinadi.

Qimmatbaho metallardan va toshlardan yasalgan sotilgan buyum uchun xaridorga kassa cheki hamda savdo tashkiloti qaydi qo‘yilgan va sotuvchi-xodim imzolagan tovar cheki nusxasi beriladi.

Tovar cheki nusxasida buyumning nomi, artikuli, narxi va sotish sanasi, sotuvchi-xodimning imzosi va savdo korxonasi shtampi ko‘rsatiladi.

Sotuvchinnig xaridor oldida javobgarligi

Sotuvchi qimmatbaho metallardan va toshlardan yasalgan buyumlarni sotish qoidalarini buzganligi uchun xaridor oldida javob beradi.

Aholidan zargarlik buyumlarini sotib olish

Qimmatbaho metallar, toshlar siniqlarini va ulardan yasalgan buyumlarni aholidan sotib oluvchilar Davlat probani aniqlash palatasi belgilagan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasiga ega bo‘lishi kerak.

Zargarlik buyumlarini qayta ishlash va tayyorlash uchun Davlat probani aniqlash palatasinnig tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasiga ega bo‘lish kerak.

Sotib olish punktlari aholidan zargarlik (qimmatbaho) buyumlarini sotib olishi

Sotib olingan boyliklarning haqi to‘langandan keyin qimmatli boyliklar sotuvchiga qaytarilmaydi.

Sotib olish punktlari aholidan shartnoma asosida quyidagilarni sotib oladi:

  • qimmatbaho metallar (oltin, platina, palladiy va kumush) va ulardan yasalgan buyumlarni;
  • qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarni;
  • monetalarni (oltin, platina va kumush tangalarni);
  • korpusiga oltin qoplangan mamlakatimizda ishlab chiqarilgan va import soatlarni;
  • kumush gardishli chinni va billur buyumlarni.

Boyliklarni tarozida tortish

Boyliklarni tarozida tortish quyidagi aniqlikda bo‘lishi kerak:

  • oltin, platina, palladiy va ushbu metallardan yasalgan buyumlar uchun — 0,01 grammgacha;
  • kumush va kumushdan yasalgan buyumlar uchun — 0,1 grammgacha;
  • gardishsiz qimmatbaho toshlar uchun — 0,01 karatgacha;
  • yarim qimmatbaho toshlar uchun — 0,01 grammgacha;
  • ishlov berilgan toshlar uchun — 0,1 grammgacha.

Xarid qilish paytida buyumdan olish mumkin bo‘lmagan yoki buyumdan olish maqsadga muvofiq bo‘lmagan barcha qimmatbaho toshlar karatomer bo‘yicha 0,1 karatgacha aniqlikda aniqlanadi.

Boyliklarni sotib olish va sotishni rasmiylashtirish

Boyliklarni xarid qilish operatsiyalari boyliklarning egasi ishtirokida amalga oshiriladi (probani aniqlash, tortish, shtift, kanifolni yo‘qotish va boshqalar).

Boyliklarning narxi sotuvchi bilan kelishilgandan keyin sotib oluvchi tovarshunos
4 nusxada kvitantsiya yozadi, kvitantsiyani sotib oluvchi tovarshunos va sotuvchi imzolaydi.

Sotib olish taqiqlangan tovarlar
  • texnik olmoslar;
  • ishlov berilmagan qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar;
  • sof holdagi, shlix, plastinalardagi, sim va qum shaklidagi oltin, kumush platina va platina guruhiga kiruvchi metallar (palladiy, iridiy, rodiy, rutiniy va osmiy);
  • ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan oltin, platina, paladiy va kumushdan yasalgan buyumlar (perchinlar, platinali laboratoriya shisha idishlari va anjomlari — tigllar, kosachalar, tigl qopqoqlari, elektrodlar, shpatellar, sinov naychalari, termal konvertorlar, platina va platina rodiyli qotishmalaridan tayyorlangan termoo‘zgartirgichlar va boshqalar);
  • davlat, nodavlat va notijorat tashkilotlarining qimmatbaho buyumlari.

Chat