Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 17909 marta o'qildi

Savol: A. ismli ayol turmush o‘rtog‘i bir necha yildan buyon Rossiya Federatsiyasiga borib ishlab kelayotgani, yaqinda chet elda ishlayotganlarning faoliyati ham ish stajiga qo‘shilishi haqida eshitgani, shu haqda tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: 2021-yil 1 yanvardan boshlab tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo‘li bilan xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslar o‘ziga pensiya hisoblanishi va ish stajiga ega bo‘lishi uchun Pensiya jamg‘armasiga ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lashi mumkin.

Agar chet elda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar O‘zbekistonda pensiya va ish stajiga ehtiyoj sezmasa, unda Pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy soliq to‘lashning hojati yo‘q.

Savol: K. ismli shaxs ilgari qurilish tashkilotida injiner lavozimida ishlagani, tashkilot tugatilgani sababli oxirgi 9 oy davomida ishsiz ekanligi haqida ma’lum qilib, shaxsni ishsiz deb e’tirof etish tartibi va ishsizlik nafaqasining miqdori to‘g‘risida huquqiy tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: Ushbu holatda K. ismli shaxs ishsiz deb e’tirof etilishi uchun u ishga joylashishda ko‘mak olish uchun mahalliy mehnat organlariga murojaat qilgan va ushbu organlar tomonidan ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lishi lozim.

Agar K. ismli shaxsga u ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran dastlabki o‘n kun ichida maqbul keladigan ish taklif etilmagan bo‘lsa yoki mahalliy mehnat organi mazkur shaxs ishga joylashtirish uchun yuborilgan tashkilotdan rad javobini olgan bo‘lsa, u ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran o‘n birinchi kundan kechiktirmay mahalliy mehnat organi tomonidan uni ishsiz deb e’tirof etish to‘g‘risidagi buyruq rasmiylashtiriladi va ushbu buyruqda ishsizlik nafaqasining miqdori va uni hisoblash sanasi ko‘rsatiladi.

Qonunchilikka ko‘ra, ishsizlik nafaqasining miqdorlari turlicha bo‘lib, K. ismli shaxs misolida u ishdan va ish haqidan so‘nggi 12 oylik davr ichida mahrum bo‘lganligi uchun unga avvalgi ish joyidagi o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizi miqdorida, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan oz bo‘lmagan va nafaqani hisoblash paytida O‘zbekiston Respublikasida tarkib topgan o‘rtacha ish haqidan ortiq bo‘lmagan miqdorda ishsizlik nafaqasi to‘lanadi.

Savol: T. ismli shaxs o‘tgan oyda ish haqining 70 foizi sudning ma’muriy jarima solish to‘g‘risidagi qaroriga asosan ushlab qolinganini ma’lum qilib, ushbu holatning qonuniyligi yuzasidan tushuntirish berishni so‘radi. 

Javob: Mehnat qonunchiligiga ko‘ra, ish haqini har gal to‘lash vaqtida ushlab qolinadigan haqning umumiy miqdori xodimga tegishli bo‘lgan mehnat haqining 50 foizidan ortib ketmasligi lozim. Ushbu cheklov aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni axloq tuzatish ishlari tarzidagi jazo tayinlangan xodimning ish haqidan ushlab qolishga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bunday hollarda jazo va aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlik uchun ushlab qolinadigan haqning miqdori 70 foizdan ortib ketmasligi lozim.

Savol: J. ismli shaxs boshqa korxonaga ishga kirmoqchi bo‘lganida, undan oldingi ish joyidan tavsifnoma olib kelish lozimligi talab qilinib, aks holda ishga qabul qilinmasligi ma’lum qilingani, korxona ma’muriyatining ushbu talabi qonuniy yoki noqonuniy ekanligini so‘radi.

Javob: Ushbu holatda J.ismli shaxsdan quyidagi hujjatlarni taqdim etish so‘raladi:

  • pasportni yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjatni yoxud identifikatsiyalovchi ID-kartani, o‘n olti yoshgacha bo‘lgan shaxslar esa tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani yoki identifikatsiyalovchi ID-kartani;
  • oxirgi ish joyi bo‘yicha tasdiqlangan qog‘oz shaklidagi mehnat daftarchasini yoki elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirmani, bundan birinchi marta ishga kirayotgan shaxslar mustasno. O‘rindoshlik asosida ishga kirayotgan shaxslar mehnat daftarchasining o‘rniga asosiy ish joyidan olingan belgilangan namunadagi ma’lumotnomani taqdim etadi;
  • harbiy xizmatga majburlar yoki chaqiriluvchilar uchun tegishincha harbiy guvohnomani yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnomani;
  • oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim tashkilotini tamomlaganligi to‘g‘risidagi diplomni, qaysi ishni bajarish uchun faqat maxsus ma’lumotga yoki maxsus tayyorgarlikka ega bo‘lgan shaxslar qo‘yilishi mumkin bo‘lsa, o‘sha ishga kirish chog‘ida ushbu ishni bajarish huquqiga doir guvohnomani (sertifikatni) yoxud boshqa tegishli hujjatni;
  • soliq to‘lovchining identifikatsiya raqamini;
  • jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini (mavjud bo‘lganda);
  • jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasini, bundan birinchi marta ishga kirayotgan shaxslar mustasno, boshqa qo‘shimcha hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.

Demak, J. ismli shaxsdan oldingi ish joyidan tavsifnoma olib kelishni talab qilish qonunga ziddir.

Savol: Sh. ismli shaxs mehnat ta’tilida bo‘lgan vaqtida korxona rahbari zudlik bilan ishga chiqishni talab qilib, aks holda uni ishdan bo‘shatishini ma’lum qilgani, korxona rahbarining ushbu talabi qonunga muvofiqligi yuzasidan tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: Ushbu holatda Sh. ismli xodimni ta’tildan chaqirib olishga faqat uning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Shu sababli, korxona rahbarining mehnat ta’tilida bo‘lgan Sh. ismli xodimdan zudlik bilan ishga chiqishni talab qilish va aks holda uni ishdan bo‘shatishini ma’lum qilishi qonunga ziddir.

Chat