Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 29250 marta o'qildi

Kimlar ishsiz deb hisoblanadi?

✅ "Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunning 44-moddasiga ko‘ra, 16 yoshdan to pensiya bilan ta’minlanish huquqini olishgacha bo‘lgan yoshdagi, haq to‘lanadigan ishga yoki daromad keltiradigan mashg‘ulotga ega bo‘lmagan, ish qidirayotgan va ish taklif etilsa, unga kirishishga tayyor bo‘lgan yoxud kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan o‘tishga yoki malakasini oshirishga tayyor bo‘lgan, ishga joylashishda ko‘mak olish uchun mahalliy mehnat organlariga murojaat qilgan va ular tomonidan ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatga olingan mehnatga layoqatli shaxslar (ta’lim muassasalarida ta’lim olayotganlar mustasno) ishsiz deb e’tirof etiladi.

Qanday ishlar maqbul keladigan ish hisoblanadi?

 "Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunning 33-moddasiga ko‘ra, dastlabki kasbiy tayyorgarlikni talab qilmaydigan ish, bunday ishni topib berish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda esa birinchi marta ish qidirayotgan, kasbga (mutaxassislikka) ega bo‘lmagan shaxslarning yoshga doir va boshqa xususiyatlari hisobga olingan holda haq to‘lanadigan boshqa ish, shu jumladan vaqtinchalik xususiyatga ega bo‘lgan ish ushbu shaxslar uchun maqbul keladigan ish hisoblanadi.
Ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan shaxslar uchun ularning kasbiy tayyorgarligiga mos bo‘lgan, yoshi, sog‘lig‘ining holati, mehnat staji va avvalgi kasbi (mutaxassisligi) bo‘yicha ish tajribasi inobatga olinadigan ish maqbul keladigan ish hisoblanadi.

Ishsizlik nafaqasi kimlarga tayinlanadi?

 Belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslar ishsizlik nafaqasi olish huquqiga ega.
Ishsizlik nafaqasini to‘lash ishsiz shaxsning yashash joyi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Ishsizlik nafaqasiga soliq solinmaydi.
Ishsizlik nafaqasi ishsiz deb tan olingan shaxsga u mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan birinchi kundan e’tiboran hisoblanadi va to‘lanadi.
Ishsizlik nafaqasi o‘n ikki oylik davr ichida ko‘pi bilan yigirma olti kalendarь hafta davomida to‘lanadi.
Joriy oyda ishsizlik nafaqasini to‘lash o‘tgan oy uchun amalga oshiriladi.
To‘liq bo‘lmagan kalendarь oy uchun ishsizlik nafaqasini to‘lash chog‘ida ishsizlik nafaqasi mazkur nafaqa to‘lanishi kerak bo‘lgan ushbu kalendarь oydagi kunlar sonining to‘liq kalendarь oydagi kunlar soniga mutanosib miqdorda to‘lanadi.
Ishsizlik nafaqasini olish davrida ishsiz shaxs kasal bo‘lgan taqdirda ishsizlik nafaqasini ishsiz shaxsning qarindoshlari (otasi, onasi, eri (xotini), voyaga etgan bolalari) yoki belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma asosida ishsiz shaxsning boshqa ishonchli shaxslari tomonidan olishga yo‘l qo‘yiladi.
O‘z mehnat stajini hujjat bilan tasdiqlash imkoniyatiga ega bo‘lmagan shaxslarga ishsizlik nafaqasini tayinlash chog‘ida ularga ilgari ishlamaganlar va birinchi marta ish qidirayotganlar sifatida qaraladi.
Ishsizlik nafaqasini olish davrida ishsiz shaxs ish qidirishi va ishga joylashtirishga doir yo‘llanma (ishga joylashishga ko‘maklashish yuzasidan murojaatnoma) yoxud kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga yoki malakasini oshirishga yo‘llanma olish uchun ikki haftada kamida bir marta mahalliy mehnat organiga murojaat qilishi shart.

Men 2 yildan beri maktabda qorovul lavozimida ishlab kelaman va maktab direktori singlisining turmush o‘rtog‘i bo‘laman. Hozirda maktab direktori qarindoshlik aloqalari mavjudligi sababli meni ishdan bo‘shatmoqchi. Shu qanchalik asosli?

✅ Mehnat kodeksining 121-moddasiga ko‘ra, o‘zaro yaqin qarindosh yoki quda-anda bo‘lgan shaxslarning (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘il va qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va bolalari), basharti ulardan biri ikkinchisiga bevosita bo‘ysunib yoki uning nazorati ostida xizmat qiladigan bo‘lsa, bir davlat korxonasida birga xizmat qilishlari taqiqlanadi.

✅ Bu qoidadan istisnolar Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-sonli qarorida belgilangan.

Yaqinda ishdan bo‘shadim lekin 2015-2019-yillarda mehnat ta’tiliga chiqmaganman. Foydalanilmagan ta’tillarni olish tartibi qanday?

✅ O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksinin 234-moddasiga asosan mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga foydalanilmagan barcha yillik asosiy va qo‘shimcha ta’tillar uchun pullik kompensatsiya to‘lanadi.

✅ Shunga asosan 2015-2019-yillar mobaynidagi ish davrida foydalanilmagan mehnat ta’tillari uchun pullik kompensatsiya to‘lanadi.

3 yoshga to‘lmagan bolasi bor byudjet tashkilotlarida ishlaydigan ayollarga haftasiga ish soati qancha?

✅ 3 yoshga to‘lmagan bolaning byudjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan ota-onasidan biriga (vasiysiga) haftasiga 35 besh soatdan oshmaydigan ish vaqti davomiyligi belgilanadi.

Chat