Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 143509 marta o'qildi

Mehnat shartnomasi quyidagi sabablarga ko‘ra bekor qilinishi mumkin
  • taraflarning kelishuviga ko‘ra (mehnat shartnomasining barcha turlari istalgan vaqtda bekor qilinishi mumkin);
  • taraflardan birining tashabbusi bilan;
  • muddati tugashi bilan;
  • taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra;
  • mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra; 
  • yangi muddatga saylanmaganligi yoxud saylanishda qatnashishni rad etganligi munosabati bilan.

Mulkdor almashganda mehnat shartnomasini bekor qilish
  • Korxona mulkdori almashganda yangi mulkdor korxonaning rahbari uning o‘rinbosarlari, bosh buxgalter bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli. Bunda mehnat shartnomasini bekor qilish korxona mulk qilib olingan kundan boshlab 3 oy mobaynida amalga oshirilishi mumkin. Qolgan xodimlar bilan mehnat munosabatlari xodimning roziligi bilan davom etaveradi.

Xodim tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish
  • Xodim nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini ham, muddati tugagunga qadar muddatli mehnat shartnomasini ham, ikki hafta oldin ish beruvchini yozma ravishda ogohlantirib, bekor qilishga haqlidir.
  • Ogohlantirish muddati davomida xodim bergan arizani qaytarib olishga haqli.

Ish beruvchi tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish
  • texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi;
  • xodimning malakasi etarli bo‘lmaganligi yoki sog‘lig‘i holatiga ko‘ra bajarayotgan ishiga noloyiq bo‘lib qolishi;
  • xodimning o‘z mehnat vazifalarini bir marta qo‘pol ravishda buzganligi.
  • o‘rindoshlik asosida ishlamaydigan boshqa xodimning ishga qabul qilinishi;
  • xodimda yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqining paydo bo‘lganligi.

Xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida va ta’tillarda bo‘lgan davrida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi (korxona butunlay tugatilgan hollar bundan mustasno).

Mehnat shartnomasini bekor qilishni kelishish

Jamoa kelishuvi yoki jamoa shartnomasida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish uchun kasaba uyushmasi yoki xodimlar boshqa vakillik organining oldindan roziligini olish nazarda tutilgan bo‘lsa, shartnomani bunday roziliksiz bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Quyidagi hollarda kasaba uyushmasi yoki boshqa vakillik organning roziligi talab etilmaydi:

  • korxona tugatilganda;
  • korxona rahbari bilan tuzilgan shartnomani bekor qilishda;
  • mulkdor almashganligi sababli korxona rahbari, uning o‘rinbosarlari, bosh buxgalter bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganda.

Kasaba uyushmasi qo‘mitasining xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik berish masalasi bo‘yicha qabul qilgan qarori tegishli taqdimnoma olingan kundan boshlab 10 kunlik muddatda ish beruvchiga yozma ravishda berilishi kerak.

Ish beruvchi kasaba uyushmasi roziligini olgandan keyin 1 oydan kechiktirmay mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli.

Mehnat shartnomasini bekor qilish haqida ogohlantirish

Ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilish haqida xodimni quyidagi muddatlarda yozma ravishda (imzo chektirib) ogohlantirishi shart:

  • kamida ikki oy oldin — mehnat shartnomasi texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi, korona mulkdori almashganligi munosabati bilan, shuningdek xodimning pensiya yoshiga to‘lganligi munosabati bilan, qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi mavjud bo‘lgan taqdirda bekor qilinganda;
  • kamida ikki hafta oldin – mehnat shartnomasi xodimning malakasi etarli bo‘lmaganligi yoki sog‘lig‘i holatiga ko‘ra bajarayotgan ishiga noloyiq bo‘lib qolishi munosabati bilan bekor qilinganda.
  • kamida uch kun oldin – mehnat shartnomasi xodim aybli xatti-harakatlar sodir etganligi munosabati bilan bekor qilingan hollarda.

Ishdan bo‘shatishda imtiyoz beriladigan shaxslar

Texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarishi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishda qoldirish uchun imtiyozli huquq malakasi va mehnat unumdorligi yuqoriroq bo‘lgan xodimlarga beriladi.

Malakasi va mehnat unumdorligi bir xil bo‘lgan taqdirda quyidagilarga afzallik beriladi:

  • qaramog‘ida ikki yoki undan ortiq kishi bo‘lgan xodimlarga;
  • oilasida undan bo‘lak mustaqil ish haqi oluvchi bo‘lmagan shaxslarga;
  • mazkur korxonada ko‘p yillik ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga;
  • ishlab chiqarishdan ajralmagan holda tegishli mutaxassislik bo‘yicha malakasini oshirayotgan xodimlarga va oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarini tamomlagan shaxslarga o‘qishni tugatib mutaxassisligi bo‘yicha ishlayotgan xodimlarga ikki yil mobaynida;
  • mazkur korxonada mehnatda mayib bo‘lib qolgan yoki kasb kasalligini orttirgan shaxslarga;
  • urush nogironlari, urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
  • atom ob’ektlaridagi falokatlar oqibatida kasalliklarga yo‘liqqan shaxslarga; ushbu falokatlar oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan shaxslarga va mazkur zonalardan evakuatsiya qilingan shaxslarga.

Muddatli mehnat shartnomasini bekor qilish
  • Muddatli mehnat shartnomasi muddati tugashi bilan bekor qilinadi.
  • Agar muddat tugagandan keyin taraflardan birortasi bir hafta davomida uning bekor qilinishini talab qilmasa shartnoma nomuayyan muddatga uzaytirilgan deb hisoblanadi.
  • Ish joyi (lavozimi) saqlanishi lozim bo‘lgan xodimning ishda bo‘lmagan vaqtiga mo‘ljallab tuzilgan mehnat shartnomasi shu xodim ishga qaytgan kundan e’tiboran bekor qilinadi.

Taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan hollarda mehnat shartnomasini bekor qilish
  • xodim harbiy yoki muqobil xizmatga chaqirilgan taqdirda;
  • shu ishni ilgari bajarib kelgan xodim ishga tiklangan taqdirda;
  • xodimni jazoga mahkum etgan sudning hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda;
  • ishga qabul qilish yuzasidan belgilangan qoidalar buzilganligi munosabati bilan, agar yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarlikni bartaraf etishning imkoni bo‘lmasa va u ishni davom ettirishga to‘sqinlik qilsa;
  • xodimning vafoti munosabati bilan;
  • qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda (masalan, 18 yoshga to‘lmagan xodimning ota-onasi talabi bo‘yicha mexnat shartnomasini bekor qilish).

Rasmiylashtirish
  1. Mehnat shartnomasini bekor qilish ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi va buyruq bilan rasmiylashtiriladi.
  2. Oxirgi ish kuni mehnat shartnomasi bekor qilingan kun deb hisoblanadi.
  3. Ish beruvchining buyrug‘ida mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari ta’rifiga to‘la muvofiq holda yozilib, normativ hujjatlarning tegishli moddasi (bandi) dalil qilib ko‘rsatiladi.
  4. Mehnat shartnomasi xodimning tashabbusi bilan uning kasalligi, nogironligi, yoshga doir pensiyaga chiqishi, oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurti yoxud tayanch doktoranturaga yoki doktoranturaga qabul qilinishi va qonun hujjatlariga ko‘ra muayyan imtiyozlar va afzalliklar beriladigan boshqa sabablar tufayli bekor qilinganda mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyruqda shu sabablar ko‘rsatiladi.
  5. Mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ish beruvchi xodimga uning mehnat daftarchasini va mehnat shartnomasining bekor qilinishi haqidagi buyruqning nusxasini berishi shart.

Ishdan bo‘shatish nafaqasi

Mehnat shartnomasi bekor qilingan quyidagi hollarda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanadi:

  • ish beruvchining tashabbusi bilan (xodim o‘zining mehnat vazifalarini bajarmaganligi sababli shartnomaning bekor qilingan hollar bundan mustasno);
  • taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga binoan.
  • ishga qabul qilish yuzasidan belgilangan qoidalar buzilganligi munosabati bilan bekor qilinganda, agar qoidabuzarlikni bartaraf etishning imkoni bo‘lmasa (qoidalar xodimning aybi bilan buzilgan hollar bundan mustasno);
  • xodim yangi mehnat shartlari asosida ishni davom ettirishni rad etganligi sababli.

Ishdan bo‘shatish nafaqasining miqdori o‘rtacha oylik ish haqidan kam bo‘lishi mumkin emas.

Ishdan bo‘shaganda ish haqi to‘lash

Mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinganda xodimga tegishli ish haqi, uning miqdori xususida nizo bo‘lmasa:

  • mehnat shartnomasi bekor qilingan kunga qadar ishlayotgan xodimga – mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni;
  • mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ishlamayotgan xodimga – hisob-kitob qilishni talab etgan kuni to‘lanishi kerak.

Mehnat shartnomasi xodimning tashabbusi bilan bekor qilinganda unga tegishli ish haqi, uning miqdori xususida nizo bo‘lmasa:

  • ogohlantirishi shart bo‘lgan xodimga – ishni tashlab ketishga haqli bo‘lgan kundan kechiktirmasdan;
  • ogohlantirishi shart bo‘lmagan xodimga, – ishdan ketgan kunining ertasidan kechiktirmasdan to‘lanishi lozim.

Xodim ishga tiklanganda zararni qoplash

Ishdan noqonuniy bo‘shatilgan xodim ishga tiklanganda ish beruvchiga xodimga etkazilgan zararni qoplash majburiyati yuklatiladi.

Zararni qoplash:

  • majburiy progul vaqti uchun haq to‘lash shartligidan;
  • mehnat shartnomasi bekor qilinganligi yoki xodim boshqa ishga o‘tkazilganligi ustidan shikoyat qilish bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar (mutaxassislardan maslahat olish, ish yuritish uchun va boshqalar) uchun kompensatsiya to‘lashdan;
  • ma’naviy zarar uchun kompensatsiya to‘lashdan iboratdir. Ma’naviy zarar uchun to‘lanadigan kompensatsiyaning miqdori sud tomonidan belgilanadi lekin oylik ish haqidan kam bo‘lmasligi kerak.

Xodimning iltimosiga ko‘ra sud ishga tiklash o‘rniga uning foydasiga kamida uch oylik ish haqi miqdorida qo‘shimcha haq undirib berishi mumkin.

Chat