Sug‘urta deganda yuridik yoki jismoniy shaxslar to‘laydigan sug‘urta mukofotlaridan shuningdek sug‘urtalovchining boshqa mablag‘laridan shakllantiriladigan pul fondlari hisobidan muayyan voqea (sug‘urta hodisasi) yuz berganda ushbu shaxslarga sug‘urta shartnomasiga muvofiq sug‘urta tovonini (sug‘urta pulini) to‘lash yo‘li bilan ularning manfaatlarini himoya qilish tushuniladi.
Sug‘urtalovchining nomidan va topshirig‘iga binoan sug‘urta shartnomasining tuzilishi va ijro etilishini tashkil qilish bo‘yicha faoliyat yurituvchi yuridik yoki jismoniy shaxs sug‘urta agenti hisoblanadi.
Sug‘urtalovchining boshqaruv organlari rahbarlari sug‘urta agenti bo‘la olmaydilar.
Sug‘urta faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Sug‘urtalovchilar va sug‘urta brokerlarining sug‘urta faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda maxsus vakolatli davlat organi beradigan litsenziyalar asosida amalga oshiriladi.
Litsenziya sug‘urtalovchiga yoxud hayotni sug‘urta qilish sohasida, yoxud umumiy sug‘urta sohasida, yoxud faqat qayta sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta faoliyatini amalga oshirish uchun beriladi. Hayotni sug‘urta qilish sohasida sug‘urta faoliyatini amalga oshirayotgan sug‘urtalovchi umumiy sug‘urta sohasida sug‘urta faoliyatini amalga oshirishga haqli emas, umumiy sug‘urta sohasining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ayrim turlari (klasslari) bundan mustasno. Umumiy sug‘urta sohasida sug‘urta faoliyatini amalga oshirayotgan sug‘urtalovchi hayotni sug‘urta qilish sohasida sug‘urta faoliyatini amalga oshirishga haqli emas. Faqat qayta sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta faoliyatini amalga oshirayotgan sug‘urtalovchi sug‘urta shartnomalarini tuzishga haqli emas.