Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 39432 marta o'qildi

1. Asosiy qonunga “inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli” ekanligini belgilovchi yangi norma kiritildi.                      

2. Xalqaro huquqning umume’tirof etilgan printsiplari va normalariga muvofiq quyidagilar belgilandi:

  • insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi, qonunlarning, davlat organlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi”;
    (Ushbu eng muhim xalqaro-huquqiy printsip Konstitutsiyaning huquq va erkinliklar to‘g‘risidagi qoidalari ijtimoiy munosabatlarga bevosita tartibga soluvchi ta’sir ko‘rsatishini anglatadi. Bunda qonunchilik hujjatlari huquq va erkinliklarni aniqlashtirish, ularni samarali amalga oshirish qoidalari, mexanizmlari va tartiblarini belgilash maqsadida qabul qilinganligidan qat’i nazar, huquq va erkinliklar bevosita amal qiladi deb tan olinadi.)   
  • davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik printsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun etarli bo‘lishi kerak;   
  • inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.   

3. Konstitutsiyada birinchi marta quyidagilar mustahkamlandi:  

  • “har bir inson o‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga ega ekanligi va hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emas”;   
  • “insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy ahloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkin”;

4. Konstitutsiyada hech qanday holatlarda “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emas”ligi belgilandi.

5. Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqi ekanligidan kelib chiqib, Konstitutsiyada “O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanadi”, deb aniq belgilandi.

6. “Insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos  bo‘lishi mumkin emas”, deb belgilandi.

7. Ilk marotaba “davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi”, degan qoida belgilandi.

8. Insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadidir.
 

Chat