Nikohlanuvchi shaxslarning yoki er va xotinning nikohda bo‘lgan davrida va (yoki) er va xotin nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvi nikoh shartnomasi deb hisoblanadi.
Nikoh shartnomasi nikoh davlat ro‘yxatiga olinguniga qadar ham, shuningdek nikoh davrida ham tuzilishi mumkin.
Nikoh davlat ro‘yxatiga olingunga qadar tuzilgan nikoh shartnomasi nikoh davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Nikoh shartnomasi yozma shaklda tuziladi va notarial tartibda tasdiqlanishi lozim.
Nikoh shartnomasini notarial tasdiqlashda davlat boji undirilmaydi.
Nikoh shartnomasining mazmuni:
Er va xotin nikoh shartnomasiga ko‘ra birgalikdagi umumiy mulkning qonunda belgilangan tartibini o‘zgartirishga, er va xotinning barcha mol-mulkiga, uning ayrim turlariga yoxud er va xotindan har birining mol-mulkiga nisbatan birgalikdagi, ulushli yoki alohida egalik qilish tartibini o‘rnatishga haqlidir.
Nikoh shartnomasi er va xotinning mavjud mol-mulkiga nisbatan ham, bo‘lg‘usi mol-mulkiga nisbatan ham tuzilishi mumkin.
Nikoh shartnomasida quyidagi qoidalar belgilanishi mumkin:
- o‘zaro moddiy ta’minot berish, oila xarajatlarini ko‘tarish, bir-birining daromadida ishtirok etish, boshqa shaxslar bilan mulkiy shartnomalar tuzish, birgalikda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlari;
- nikohdan ajralganda er va xotindan har biriga beriladigan mulkni aniqlab olish;
- er va xotinning mulkiy munosabatlariga oid boshqa qoidalar.
Nikoh shartnomasida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlar muayyan muddat bilan cheklanishi yoki muayyan shart-sharoitning yuzaga kelishi yoxud kelmasligiga bog‘liq qilib qo‘yilishi mumkin.
Nikoh shartnomasida quyidagi qoidalarni nazarda tuta olmaydi:
- er-xotinning huquq layoqati yoki muomala layoqatini, ularning o‘z huquqlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilish huquqlarini cheklovchi qoidalar;
- er-xotin o‘rtasidagi shaxsiy nomulkiy munosabatlarni, er-xotinning bolalarga nisbatan bo‘lgan huquq va majburiyatlarini tartibga soluvchi qoidalar;
- mehnatga layoqatsiz ta’minot olishga muhtoj er yoki xotinning huquqini cheklovchi qoidalar;
- er va xotindan birini o‘ta noqulay holatga solib qo‘yuvchi yoxud oila to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining normalariga zid keluvchi boshqa shartlar.
Nikoh shartnomasini o‘zgartirish va bekor qilish
Nikoh shartnomasi er-xotinning kelishuvi bilan istalgan vaqtda o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin.
Nikoh shartnomasini bajarishdan bir tomonlama bosh tortishga yo‘l qo‘yilmaydi. Nikoh shartnomasi er-xotindan birining talabi bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning hal qiluv qarori bilan o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin.
Nikoh tugatilgan paytdan boshlab nikoh shartnomasining amal qilishi ham tugaydi, nikoh shartnomasida nikoh tugatilganidan keyingi davr uchun nazarda tutilgan majburiyatlar bundan mustasno.
Er (xotin) nikoh shartnomasi tuzayotgani, uni o‘zgartirayotgani yoki bekor qilayotgani to‘g‘risida o‘z kreditorini (kreditorlarini) xabardor qilishi shart. Ushbu majburiyatni bajarmagan taqdirda er yoki xotin, nikoh shartnomasi mazmunidan qat’i nazar, o‘z majburiyatlari bo‘yicha javobgar bo‘ladi.
Qarzdor er (xotin)ning kreditori (kreditorlari) sharoit jiddiy o‘zgargani tufayli nikoh shartnomasining shartlarini o‘zgartirish yoki bekor qilishni talab qilishga haqli.
Notarial idoralar haqida ma’lumot olish uchun quyidagi havolaga o‘ting.
Notarius qabuliga yozilish uchun quyidagi havolaga o‘ting.