Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 11470 marta o'qildi

Sudga mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat berish turlari:
  • ma’muriy organlarning va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan;
  • korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalarining ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan yuzaga kelmaydigan qarorlari hamda ular mansabdor shaxslarining shunday harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan.

Manfaatdor shaxs ma’muriy organning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining qarorlarini haqiqiy emas, ular mansabdor shaxslarining harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risida ariza (shikoyat) bilan murojaat qilishi mumkin.

Ushbu shaxslar murojaat qilishi mumkin bo‘lgan holatlar:
  • uning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzgan;
  • uning huquqlari, erkinliklarini amalga oshirishga va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga to‘siqlar vujudga keltirgan;
  • uning zimmasiga qonunga xilof ravishda biror-bir majburiyat yuklagan;
  • uning u yoki bu sohadagi faoliyatni amalga oshirishi uchun boshqa to‘siqlar vujudga keltirgan.

Davlat boshqaruvi organlarining, ma’muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining va ular mansabdor shaxslarining qonun hujjatlariga mos kelmaydigan hamda fuqarolar yoki yuridik shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi ishlar ma’muriy sudlar tomonidan hal etiladi.

Murojaat etish muddati

Ma’muriy organning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining, ular mansabdor shaxslarining qarori, harakati (harakatsizligi) ustidan ariza (shikoyat) manfaatdor shaxsga o‘zining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risida ma’lum bo‘lgan paytdan e’tiboran 3 oy ichida sudga berilishi mumkin.

Ariza (shikoyat) berishning uzrli sababga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan muddati sud tomonidan tiklanishi mumkin.

Arizaning (shikoyatning) mazmuni

Ma’muriy organlarning va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qarorlarini haqiqiy emas, ular mansabdor shaxslarining, harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi ariza (shikoyat) umumiy talablarga muvofiq bo‘lishi kerak.

Unda quyidagilar ko‘rsatiladi:
  • ustidan shikoyat qilinayotgan qarorni qabul qilgan yoki shikoyat qilinayotgan harakatni (harakatsizlikni) sodir etgan ma’muriy organning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining nomi, mansabdor shaxsning familiyasi, ism-sharifining bosh harflari;
  • ustidan shikoyat qilinayotgan qarorning nomi, raqami, u qabul qilingan sana, ustidan shikoyat qilinayotgan harakatlar (harakatsizlik) sodir etilgan sana va joy;
  • arizachining fikriga ko‘ra, ustidan shikoyat qilinayotgan qaror, harakatlar (harakatsizlik) tufayli uning buzilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • arizachining fikriga ko‘ra, ustidan shikoyat qilinayotgan qarorning, harakatlarning (harakatsizlikning) qaysi qonun hujjatiga zid ekanligi;
  • arizachining qarorni haqiqiy emas, harakatlarni (harakatsizlikni) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi talabi.

Arizaga (shikoyatga) shuningdek ustidan shikoyat qilinayotgan qarorning matni ilova qilinadi.

Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalarining ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan yuzaga kelmaydigan qarorlari hamda ular mansabdor shaxslarining shunday harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan shikoyat fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Agar qonunlarda boshqa muddatlar belgilanmagan bo‘lsa, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalarining qarorlari va ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi da’vo arizasi fuqaroning o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risida unga ma’lum bo‘lgan paytdan e’tiboran 3 oy ichida sudga berilishi mumkin.

Chat