Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 15099 marta o'qildi

Savol: K. ismli shaxs kasalxonada davolanayotgan qanday toifadagi shaxslar ovqatlanish pulini to‘lashdan ozod qilingani to‘g‘risida huquqiy tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar; Bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga g‘amxo‘rlik qiluvchi shaxslar (ota-onasi va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar); 1941 — 1945 yillardagi urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslar va urush qatnashchilari, shuningdek, ularga tenglashtirilgan shaxslar; Chernobilь AESidagi halokat oqibatlarini tugatishda qatnashgan - nogironligi bo‘lgan shaxslar; 1941 - 1945-yillardagi urush yillari mehnat fronti qatnashchilari; Baynalmilalchi jangchilar; G‘irt etimlar; Vakolatli organlarda hisobda turuvchi yolg‘iz pensionerlar; 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar, shuningdek o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari; Chaqiriq komissiyalari xulosalariga ko‘ra mudofaa ishlari bo‘limlarining yo‘llanmalari bo‘yicha 18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan chaqiriq yoshidagilar; «O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar; 1 yoshgacha bolasi bo‘lgan emizikli onalar; Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bolalarga qarovchi shaxslar (ota-ona va boshqalar) tibbiyot muassasalarida ovqatlanish to‘lovidan ozod qilingan.

Ushbu ro‘yxat tibbiy yordam pulli asosda ko‘rsatiladigan tibbiyot muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari (o‘z mablag‘lari) hisobiga moliyalashtirish shartlarida faoliyat ko‘rsatuvchi tibbiyot muassasalariga, ularning bo‘limlariga yoki palatalariga tatbiq etilmaydi.

Savol: O. ismli shaxs II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs ekanligi, u kasalxonada bepul davolanishi uchun yo‘llanmani (order) qanday tartibda olishi lozimligi to‘g‘risida huquqiy tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: Tibbiy yordam ko‘rsatilishiga yo‘llanma olish uchun mijoz yashash joyi bo‘yicha qishloq vrachlik punktlariga, qishloq va shahar oilaviy poliklinikalariga murojaat qilishi lozim.

Mijozlarni tibbiy yordam olishning darajasiga muvofiq tibbiy yordam olish uchun yo‘naltirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

  • qishloq vrachlik punktlari, qishloq va shahar oilaviy poliklinikalari tomonidan ‑ tibbiyot birlashmalarining tegishli markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalariga yo‘llanma beriladi;
  • tibbiyot birlashmalarining tegishli markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalari tomonidan ‑ tibbiyot birlashmalarining tegishli statsionar bo‘linmalariga yoki viloyat darajasidagi tibbiyot tashkilotlariga;
  • viloyat darajasidagi tibbiyot tashkilotlari tomonidan ‑ respublika darajasidagi tegishli tibbiyot tashkilotlariga yo‘llanma beriladi.

Savol: Yu. ismli shaxs qon donorligi faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi ekanligini ma’lum qilib, ushbu shaxslarga qonunchilikda qanday imtiyozlar nazarda tutilganligi haqida huquqiy tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: Qon va uning tarkibiy qismlarini topshiradigan kuni, shuningdek tibbiy ko‘rikdan o‘tadigan kuni donor ana shu kunlar uchun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda ishdan ozod qilinadi.

O‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarining o‘quvchilari, oliy ta’lim tashkilotlarining talabalari, ta’lim oluvchilarning boshqa toifalari qon va uning tarkibiy qismlarini topshiradigan kuni, shuningdek tibbiy ko‘rikdan o‘tadigan kuni mashg‘ulotlardan, harbiy xizmatchilar esa naryadlarni bajarishdan, xizmatni o‘tashning vaxta va boshqa shakllaridan ozod qilinadilar.

Donorga har safar qon va uning tarkibiy qismlarini topshirgan kunning bevosita ertasiga dam olish uchun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda qo‘shimcha bir kun beriladi. Donorning xohishiga ko‘ra mazkur dam olish kuni har yilgi mehnat ta’tiliga qo‘shib berilishi mumkin.

Bundan tashqari, jismoniy shaxslarning donorlik uchun pul mukofotlariga soliq solinmaydi.

Savol: T. ismli shaxs qandli diabet kasalligi bilan kasallanganligi, ushbu kasallik bo‘yicha ambulatoriya tartibida davolanishi uchun qanday turdagi dori vositalarini olish uchun imtiyozga egaligi haqida huquqiy tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: Qandli diabet kasalligi bilan og‘rigan shaxslar qandli diabetga qarshi har xil davomli ta’sirdagi, jumladan aralash ta’sirdagi biosintetik odam insulinning analoglari: 100 XB /ml suspenziya 3 ml katridj; shprits-ruchka; 5 yoki 10 ml 100 XB /ml suspenziya, shuningdek glibenklamid (1,75 mg; 2,5 mg; 3,5 mg) tabletkasi; gliklazid (30 mg; 60 mg; 80 mg) tabletkasi; metformin (500 mg; 850 mg; 1000 mg) tabletkasi kabi dori vositalari bilan imtiyozli ta’minlanadi.

Ushbu dori  vositalari bilan ta’minlash ambulatoriya-poliklinika muassasalari orqali (davolovchi vrachning tayinlashi bo‘yicha) bepul berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Chat