Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 10968 marta o'qildi

Savol: F. ismli ayol do‘kondan farzandi uchun tufli sotib olgani, uyiga borib uni farzandiga kiydirganida, tuflining o‘lchami kichikroq kelgani, do‘konga qaytib borib, uni kattaroq o‘lchamdagi boshqa tufliga almashtirib berishni so‘raganida, do‘kon sotuvchisi sotilgan tovarlar qaytarib olinmasligini ma’lum qilgani haqida bayon qilib, iste’molchi sifatida bunday holatda qanday yo‘l tutishi lozimligi yuzasidan huquqiy tushuntirish berishni  so‘radi.

Javob: Iste’molchi maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan e’tiboran 10 kun ichida ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga bunday tovar sotuvda bo‘lmasa, pulini qaytarib olishga haqli.

Demak, F. ismli ayolning tuflini almashtirish to‘g‘risidagi talabi, agar tufli kiyilishi natijasida uning tovar ko‘rinishi, iste’mol xossalari, yorliqlari buzilmagan bo‘lsa, shuningdek tuflini ushbu sotuvchidan sotib olinganining isboti mavjud bo‘lsa qondirilishi kerak.

Savol: T. ismli shaxs dorixonaga kirganida u erda “Sotilgan dori vositalari qaytarib olinmaydi!” degan yozuv osig‘liq turganini ko‘rgani, shunda dorixona sotuvchisidan “agarda sotib olingan dori vositasi sifatsiz bo‘lgan taqdirda ham u qaytarib olinmaydimi?” degan savol bilan murojaat qilganida, dorixona sotuvchisi bu haqda izoh berishdan bosh tortgani haqida ma’lum qilib, sotilgan sifatsiz dori vositasi qaytarib olinishi yoki olinmasligi yuzasidan huquqiy tushuntirish berishni  so‘radi.

Javob: O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari bilan tasdiqlangan ro‘yxatga ko‘ra, sotib olingan zarur sifatdagi dori vositalari qaytarib olinmaydigan yoki shunga o‘xshash tovarga almashtirilmaydigan nooziq-ovqat tovarlari hisoblanadi.

Qayd etish lozimki, dorixonadagi “Sotilgan dori vositalari qaytarib olinmaydi!” degan yozuv “uning nuqsoni bo‘lsayam” degan ma’noni ham bildiradi. Qonun esa, nuqsonli tovar sotilgan iste’molchining huquqlarini himoya qiladi.

Savol: D. ismli shaxs avtosalondan yaqinda sotib olgan “Kobalьt” rusumli avtomashinasining salonida, boshqaruv va isitish tizimida bir nechta texnik nuqsonlar mavjudligi haqida ma’lum qilib, qanday hollarda avtomashina ayni shunday rusumli boshqa avtomashinaga almashtirilishi va uni almashtirish haqidagi talabi qancha muddat ichida bajarilishi lozimligi yuzasidan huquqiy tushuntirish berishni  so‘radi.

Javob: Yangi avtomashinani kafolat muddati mobaynida almashtirish, kuzov yoki kamida ikkita agregatni almashtirish zarur bo‘lgan taqdirda, ekspert komissiyasi qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.

Nuqsonlari bo‘lgan avtomashinani sotuvchi, ishlab chiqaruvchi (uning funktsiyalarini bajaruvchi korxona) tomonidan almashtirish 7 kun muddatda (agar talab berilgan paytda shunga o‘xshash avtomashina bor bo‘lsa), sifatni qo‘shimcha ravishda tekshirish zarur bo‘lganda esa avtomashina egasi tomonidan talab berilgan kundan boshlab 20 kun ichida amalga oshiriladi. Avtomashinani almashtirish muddatlari ekspert komissiyasi qarori qabul qilingan sanadan boshlab hisoblanadi.

Shunga o‘xshash avtomashina mavjud bo‘lmaganda sotib oluvchining nuqsonli avtomashinani almashtirish to‘g‘risidagi talabi e’tiroz berilgan paytdan boshlab bir oy ichida qondirilishi kerak.

Savol: Sh. ismli ayol mebelь do‘konidan qizining to‘yi uchun mebelь to‘plami sotib olgani, biroq ushbu mebelь to‘plamining rangi uydagi gulqog‘oz rangiga mos kelmagani sababli, uni almashtirmoqchi bo‘lgani, biroq do‘kon sotuvchisi sotilgan mebelь to‘plamida nuqson mavjud bo‘lmagani sababli, uni  boshqasiga almashtirishdan bosh tortgani haqida ma’lum qilib, do‘kon sotuvchisining ushbu harakati qonuniy yoki noqonuniyligi yuzasidan huquqiy tushuntirish berishni  so‘radi.

Javob: O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari bilan tasdiqlangan ro‘yxatga ko‘ra, sotib olingan zarur sifatdagi mebelь (mebelь garniturlari va to‘plamlari) qaytarib olinmaydigan yoki shunga o‘xshash tovarga almashtirilmaydigan nooziq-ovqat tovarlari hisoblanadi.

Sh. ismli ayol do‘kondan sotib olgan mebelь to‘plamida biron-bir nuqson mavjud bo‘lmaganligi sababli, faqatgina uning rangi uyning gulqog‘ozi rangiga mos kelmaganligi asos qilingan holda almashtirilmaydi.

Savol: T. ismli shaxs oziq-ovqat do‘konidan sotib olgan go‘sht mahsulotini uyiga olib kelgach, undan noxush hid kelayotganligini sezib qolgani va ertasi kuni kechqurun go‘shtni do‘konga qaytarib olib borib, uning pulini qaytarib berishni talab qilganida, do‘kon sotuvchisi go‘shtni kech qaytarib olib kelganini vaj qilib, go‘shtning pulini qaytarib bermagani haqida ma’lum qilib, do‘kon sotuvchisining ushbu harakati qonuniy yoki noqonuniyligi yuzasidan huquqiy tushuntirish berishni  so‘radi.

Javob: O‘ziga zarur sifatga ega bo‘lmagan oziq-ovqat tovari sotilgan xaridor xarid qilingandan keyin 24 soat mobaynida nuqsonli tovarga nisbatan muayyan talablarni qo‘yish huquqiga ega bo‘ladi.

Demak, T. ismli shaxs go‘sht xaridini amalga oshirgach 24 soat o‘tganidan keyin uni do‘konga qaytarib olib borgan bo‘lsa, do‘kon sotuvchisining unga nisbatan bildirgan e’tirozi to‘g‘ri. 

Chat