Fermer xo‘jaligi tashkil etish uchun, avvalo, uni tashkil etmoqchi bo‘lgan shaxs belgilangan tartibda er uchastkasi olishi kerak. Er olish tartibi bilan tanishish uchun ushbu havolaga o‘ting.
Fermer xo‘jaligi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan erlarda va zaxira erlarda tashkil etiladi.
Chorvachilik mahsuloti etishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaligi kamida 30 shartli bosh chorva moli bo‘lgan taqdirda tashkil etiladi.
Chorvachilik mahsuloti etishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaligiga beriladigan er uchastkalarining eng kam o‘lchami, bir shartli bosh chorva molga hisoblaganda, Andijon, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi sug‘oriladigan erlarda kamida 0,3 gektarni (nasldor chorvachilik fermer xo‘jaliklari uchun 0,5 gektarni), boshqa viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi sug‘oriladigan erlarda tegishlicha, kamida 0,45 gektarni (nasldor chorvachilik fermer xo‘jaliklari uchun 0,6 gektarni), sug‘orilmaydigan (lalmikor) erlarda esa kamida 2 gektarni tashkil etadi.
Dehqonchilik mahsuloti etishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklariga ijaraga beriladigan er uchastkalarining eng kam o‘lchami paxtachilik va g‘allachilik uchun kamida 30 gektarni, g‘allachilik va sabzavotchilik uchun kamida 10 gektarni, bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik va boshqa ekinlarni etishtirish uchun kamida 1 gektarni hamda ko‘pi bilan 5 gektarni tashkil etadi.
Fermer xo‘jaliklari yuritish uchun er uchastkalari ochiq tanlov asosida ijaraga 50 yilgacha bo‘lgan, lekin 30 yildan kam bo‘lmagan muddatga beriladi.