Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash

  • 08.01.2026
  • 58 marta o'qildi
O‘zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Prezidentning 2025 yil 9 noyabrdagi PQ-336-son qarori qabul qilingan.

Unda tibbiyot xodimlarning mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish, ularni ijtimoiy himoya qilish va sohada faoliyat yuritayotganlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida turli imtiyozlar, soliq yengilliklari, ipoteka va boshqa moddiy rag‘batlantirish chora-tadbirlari nazarda tutilgan. Jumladan xizmat uylari berish, ipoteka krediti bo‘yicha subsidiyalar ajratish va boshqa tadbirlar ko‘zda tutilgan.

Qarorga ko‘ra, 2026 yildan davlat tibbiyot muassasalari xodimlari Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan har yili mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorida rag‘batlantiriladi.

Tibbiyot xodimlariga qulay mehnat sharoitlarini yaratish maqsadida 2026 yil 1 apreldan boshlab davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi besh kunlik ish haftasiga o‘tkazish belgilangan. Bunda tibbiyot muassasalari ish faoliyatining uzluksizligini taʼminlash uchun bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash yo‘lga qo‘yiladi.

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash

Prezident qaroriga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan:

(a) tuman (shahar) darajasida yangi davolash usullarini joriy qilgan va uning ijobiy samarasiga erishgan tuman (shahar) tibbiyot muassasalari shifokorlariga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti berilishi;

(b) davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlariga respublika hududidagi oliy taʼlim tashkilotlarida bakalavriat taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha yillik kontrakt summasining 30 foizi miqdoridagi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmaydigan qismi qoplab berilishi;

(v) tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasida indekslanuvchi va yuqori impakt-faktorli jurnallarda maqolalarni chop etish bilan bog‘liq xarajatlari to‘liq qoplab berilishi;

(g) har yili davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan 500 nafar tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uy-joy bilan taʼminlash uchun ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning dastlabki badal to‘lovining 25 foizi qoplab berilishi belgilangan.

Chat