Vazirlar Mahkamasi qarori (154-son, 09.04.2026 y.) bilan Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, shuningdek, baʼzilari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblandi.
✅ Hukumatning 2021 yil 7 yanvardagi 1-son qaroriga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, “Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to‘lovchilar faoliyatida amalga oshiriladigan soliq nazorati tadbirini videotasvirga olish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, nazorat tadbirlari soliq organi rahbari yoki rahbar o‘rinbosarining soliq tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i asosida videotasvirga olinadi.
Soliq organi tomonidan o‘tkaziladigan nazorat tadbirlarida quyidagilar videotasvirga olinadi:
▫️ soliq solish obyektlarini hisobga olish;
▫️ xronometrajni ko‘zdan kechirish;
▫️ soliq to‘lovchi ishchi va xodimlarining haqiqiy soni hamda soliq hisobotidagi aks ettirilgan ishchi va xodimlar soniga muvofiqligini tekshirish;
▫️ nazorat kassa texnikasi va hisob-kitob terminallarini qo‘llash;
▫️ savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalariga rioya etilishi va boshqalar.
Nazorat tadbiri soliq to‘lovchilarning qonuniy faoliyatini to‘xtatib qo‘ymaydigan va faoliyat ko‘rsatishiga ziyon yetkazmaydigan tarzda videotasvirga olinadi.
Nazorat tadbiri natijasi bo‘yicha tuzilgan dalolatnomada tadbir jarayonini videotasvirga olish moslamasi (qurilmaning rusumi va seriya raqami), videotasvirga olingan holatlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar aks ettiriladi.
Qaror bilan Hukumatning 2024 yil 7 noyabrdagi 745-son qaroriga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, “Zargarlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga byudjetga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish hamda qo‘shilgan qiymat solig‘i bazasini aniqlash tartibi to‘g‘risida”gi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.
Ushbu Vaqtinchalik nizom 2028 yil 1 yanvarga qadar amal qiladi.
Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va (yoki) ularni chakana sotish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga 2026 yil 1 yanvardan soliqning 80 foizi respublika byudjetidan qaytariladi.
Tadbirkor soliq hisobotini taqdim etgandan so‘ng, lekin 3 oydan kechiktirmasdan to‘langan soliqning bir qismini qaytarish uchun murojaat qilishga haqli.
To‘langan soliqning bir qismini qaytarish uchun murojaat avtomatlashtirilgan dastur orqali ko‘rib chiqiladi.
Soliqning bir qismi quyidagi shartlar to‘liq bajarilganda avtomatik ravishda qaytariladi:
♦ hisobot davrida taqdim etilgan soliq hisobotiga muvofiq hisoblangan soliq ushbu hisobot davrining 1-sanasidan 20-sanasiga qadar byudjetga to‘liq to‘langanda;
♦ hisobot davrida soliq davrida zargarlik buyumlarini o‘zida ishlab chiqarilgan va (yoki) sotishdan (realizatsiya) qilishdan umumiy tushum tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olgan daromadning kamida 80 foizini tashkil qilganda;
♦ hisobvaraq-fakturalarda yoki nazorat-kassa texnikasi cheklarida realizatsiya qilingan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasi hamda faoliyatning o‘ziga xos xususiyatlariga yoki amalga oshiriladigan turlariga muvofiq bo‘lgan identifikatsiya kodlari aks ettirilgan qismiga nisbatan.
Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar soliq bazasini zargarlik buyumlari va yarim tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish narxi hamda ular tarkibidagi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar narxi o‘rtasidagi ijobiy farqdan kelib chiqib aniqlaydi.