Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Toshkentda uy-joylarning yangi baholash qiymati oshdi: bu hozircha soliq miqdoriga ta’sir qilmaydi

  • 08.09.2026
  • 17 marta o'qildi

Toshkentda ayrim ko‘chmas mulk obyektlarining ommaviy baholash natijasidagi qiymati avvalgi ko‘rsatkichdan bir necha baravar yuqori chiqqan. Biroq bu hozircha mol-mulk solig‘ining xuddi shuncha oshishini anglatmaydi — amaldagi soliq bazasi kadastr qiymati bo‘lib qolmoqda.


Toshkentdagi ko‘chmas mulk obyektlarini ommaviy baholash natijalari my.gov.uz orqali mulkdorlarga taqdim etilmoqda. Ayrim fuqarolar yangi hisoblangan qiymat avvalgi qiymatdan 7–15 baravargacha yuqori ekanini ma’lum qilgan.

Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi bu holat soliqlarning ham avtomatik ravishda shuncha miqdorda oshishiga olib kelmasligini tushuntirdi.

Hozirgi qonunchilik bo‘yicha turar joy uchun mol-mulk solig‘ini hisoblashda soliq bazasi sifatida kadastr qiymati qo‘llanilmoqda. Ommaviy baholashning dastlabki natijalari hozircha bevosita huquqiy oqibat keltirib chiqarmaydi.

Ommaviy baholash tizimi Prezidentning 2025-yil 5-martdagi PF–43-son Farmoni asosida bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. 2025–2026-yillarda ushbu tizim Toshkent shahrida tajriba tariqasida sinovdan o‘tkazilmoqda.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, poytaxtda 600 mingdan ortiq kvartira baholangan. Ularning amaldagi umumiy kadastr qiymati 57,8 trln so‘m bo‘lsa, ommaviy baholash natijasida 426,7 trln so‘mlik qiymat shakllangan. Shuningdek, 213 mingdan ortiq hovli-joyning umumiy bahosi 39,1 trln so‘mlik kadastr qiymatidan 548,4 trln so‘mgacha farq qilgan.

Yangi baholash natijasini ko‘rish va uni qayta ko‘rib chiqishni so‘rash imkoniyati my.gov.uz portalida mavjud. Xizmat bepul va alohida hujjat talab etilmaydi.

Mulkdorlar natija bilan tanishib, hisob-kitoblarda foydalanilgan ma’lumotlar bo‘yicha tushuntirish olishi yoki bahoni qayta ko‘rib chiqishni so‘rashi mumkin. Shuningdek, mustaqil baholovchi tashkilotni jalb qilish huquqi ham mavjud.

Ommaviy baholash natijalari muhokamasi yakunlanib, tegishli qonunchilik qabul qilinganidan so‘ng, ko‘chmas mulkni soliqqa tortish masalalari vakolatli vazirlik va idoralar tomonidan alohida ko‘rib chiqiladi.

Chat